Olis qishloq aholisiga bayram tuhfasi
Mamlakatimizda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Jizzax viloyatining olis Yangiobod tumani “Uchturgon” qishlog‘ida 82 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona va sog‘lomlashtirish markazi foydalanishga topshirildi.

“HAYR HAVOTOG‘” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bunyod etilgan ob’ekt ochilishida tuman hokimligi, shoir va yozuvchilar, mehnat faxriylari, sektorlar va mutasaddi tashkilot rahbarlari, loyiha tashkilotchilari, mahalla faollari ishtirok etdi.

Ushbu hududning sof va toza havosi, ayniqsa, bu yerdan tabiiy holda chiqadigan ma’danli shifobaxsh suvning inson salomatligiga foydasi katta. Bu yerda fuqarolar nafaqat dam olib hordiq chiqarishi, balki sog‘lomlashtirish markazida salomatliklarini tiklashi mumkin.

4 qavatli, 82 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maskanda suyak, bo‘g‘in, asab tizimi, ovqat hazm qilish a’zolari, ginekologik, markaziy qon aylanishdagi hamda teri kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar o‘z dardlariga shifo topishi mumkin. Bu yerda 50 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Bundan tashqari, loyihaning 2-bosqichida qiymati 1 million 500 ming AQSH dollarini tashkil etadigan “HAVOTG’” mineral suv ishlab chiqarish zavodi qurilishi ham rejalashtirilgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA