Olis qishloq aholisi hayotidagi o‘zgarishlar
Xalqning turmushini farovon, yashayotgan hududini obod qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar joylarda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda va odamlarning qalbida shukronalik, mamnunlik tuyg‘ularini shakllantirmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida markazdan anchagina olisda joylashgan Oq Oltin qishlog‘i ham mana shunday ezgu islohotlar natijasida hududning eng ko‘rkam go‘shalaridan biriga aylandi. Ochig‘ini aytish kerak, bundan bir yil oldin qishloqqa borgan kishi uning bugungi qiyofasini ko‘rib tanimasligi rost.
Boisi tartibsiz ko‘chalar yozda bir qarich tuproq, yog‘in-sochinli kunlarda loy. O‘quvchilar ta’lim oladigan maktab xaroba ahvolda, qishda sovuq. Mahalla idorasining ma’muriy binosi esa umuman yo‘q edi. Kuchlanish past bo‘lgani bois elektr ta’minotida ham tez-tez uzilishlar bo‘lishi odamlarni yil sayin qayg‘uga solardi. Xullas hech bir yo‘nalishda aytishga arzigulik o‘zgarishlar yo‘q edi.
Bugunchi? Fotomuxbir bilan birgalikda qishloqqa kirib borar ekanmiz asfalt qoplangan ravon yo‘l boshlandi. Yo‘l bo‘ylab yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Hatto ikki tomonida biz ba’zi tuman markazlarida ham uchratmaydigan maxsus piyodalar yo‘lakchasi qurilgan. Birinchi bo‘lib yo‘l yoqasida qad rostlagan zamonaviy maktab binosi oldida to‘xtadik.
– Maktabimiz yangitdan qurib berildi, – deydi 192-maktab o‘qituvchisi Toshtemir Bekjonov. – Uning ilgarigi holatini hozir sizga tasvirlab bersam, rosti ishonmaysiz. Oldin ushbu maktab 70-maktabning filiali sifatida faoliyat yuritib, devorlari paxsadan bo‘lib, sharoitlari umuman qoniqarsiz edi. Shuning uchun ko‘pchilik o‘quvchilar 5-6 kilometr qatnab boshqa maktabga o‘qishardi. 176 o‘rinli zamonaviy bino qurib berilgach, yangi maktab sifatida faoliyat boshladi.
Mazkur ta’lim muassasasi investitsiya dasturi asosida tumandagi “Bahor qurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 1 milliard 450 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan bo‘lib, u yerda o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, fanlar bo‘yicha jihozlangan xonalar, turli adabiyotlarga to‘la kutubxona, sun’iy qoplamali mini stadion o‘quvchilar ixtiyorida.
Qishloqda qurilgan muhtasham mahalla markazining foydalanishga topshirilishi oq oltinliklar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Ushbu markazda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori uchun alohida jihozlangan xonalar ajratilgan. Bundan tashqari markazda qishloq aholisining ishsiz qatlamining bandligini ta’minlash maqsadida tikuvchilik sexi, ayollar va erkaklar sartaroshxonasi, kutubxona ham joy olgan.
Shu qishloqlik Nargiza Irzayeva yoshligidan ayollar sartaroshi bo‘lishga qiziqadi. Qiziqishlari tufayli tuman markazida tajribali ustozlardan kasb sirlarini o‘rgandi. Qishloqqa qaytgach esa go‘zallik saloni ochmoqchi bo‘ldi, ammo bunga imkoni yetmadi. Shundan so‘ng qishloq xotin-qizlariga uyida xizmat ko‘rsata boshladi. Maqsadini ruyobga chiqarish uchun mahallada tuzilgan “Ayollar daftari” ga ro‘yxatga kirdi. Markazda ayollar sartaroshxonasining ochilgani Nargiza uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
[gallery-4231]
– Shu kunga qadar qishlog‘imizda go‘zallik saloni bo‘lmagan, – deydi Nargiza Irzayeva. – Ushbu mahalla markazida yetarlicha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan go‘zallik saloni qurib berilgani qishlog‘imiz ayollarini ham mamnun qildi. Endi ular ham go‘zallik saloni xizmatidan istalgan paytda foydalanadi. Tuman markaziga borib kelishga hojat qolmaydi. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz. Shu maqsadda tijorat banklaridan 10 million so‘m kredit oldim. Ushbu mablag‘ga qo‘shimcha salon jihozlari xarid qilaman. Salonimizda hamma sharoitlar mavjud. Eng muhimi issiq va sovuq suv bor.
Markazda faoliyat boshlagan go‘zallik saloni ham qishloqda chevar ayollar uchun foydali bo‘ldi. Hozirda uni shu qishloqlik Dilfuza Erdonova yuritmoqda. Davlat tomonidan bepul qurib berilgan sexda 11 ta tikuv mashinasi bor. Bu tashabbus ortidan oq oltinlik “Ayollar daftari”ga kirgan 12 nafar xotin qiz ish bilan band bo‘ldi. Ayni paytda ular buyurtmaga qarab kiyim-kechak tikmoqda. Oct 11 6:35 PM Oct 11 6:35 PMMarkazdan joy olgan mo‘’jaz kutubxona esa qishloq yoshlarining ma’naviy saviyasi oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Kutubxonada minglab o‘zbek va jahon adabiyotlari jamlangan. Shu yerda o‘qib foydalanishi uchun shinamgina o‘quv zali ham mavjud.
Yoshlarni sportga jalb etish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun shundoqqina mahalla markazi yonida sun’iy qoplamali mini stadion bunyod etildi. Bugun ana shu ishlardan qishloq ahli juda xursand.
Ushbu bunyodkorlik ishlari doirasida markaz yonida tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga qarashli tez tibbiy yordam tayan punkti uchun ham zamonaviy bino qurib berildi.
– Qishlog‘imiz qiyofasining bu daraja o‘zgarib ketishini tasavvur ham qila olmagandim, – deydi mahalla raisi To‘laboy Usanov. – Mahallamizda 3 ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Tartibsiz ko‘chalarimiz tartibga keltirildi. 2,5 kilometr yo‘l asfalt qilib berildi. Ko‘chalarga yoritish moslamalari o‘rnatildi. 2,5 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurildi. Ishonasizmi, 100 dan ziyod xonadonga ariston o‘rnatilib, issiq va sovuq suv chiqarilib, yuvinish xonalari qurib berildi.
Iste’mol krediti ajratilib, oshxona jihozlari, muzlatkichlar olib kelindi. Ko‘plab uy-joylar ta’mirlab berildi. Davlat hisobidan bepul mahalla markazi qurildi. Undan foydalanuvchi tadbirkorlar faqatgina ishlatgan elektr energiyasiga haq to‘layapti. Bir so‘z bilan aytganda qishlog‘imiz aholisining turmush madaniyati tubdan o‘zgardi. Xonadonlarda shahardan kam bo‘lmagan sharoitlar yaratildi. Mana shu ishlarning hammasi ikki-uch oy ichida amalga oshdi.
Bunyodkorlik ishlari doirasida qishloq aholisining eng katta muammolaridan biri bo‘lgan ichimlik suvi, yo‘l, elektr energiyasi bilan bog‘liq birlamchi hayotiy masalalari hal etildi.
Mahallada olib borilgan bunyodkorlik ishlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, Oq Oltin qishlog‘ida 615 ta aholi uy-joylari va 2 ming 320 ta qo‘shimcha binolari ta’mirlandi, 116 ta xonadonda yuvinish xonasi tashkil qilinib, to‘liq jihozlab berildi. Yo‘l bo‘ylab 1 ming 400 ta manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi, 10 kilometr ichki yo‘llarga shag‘al to‘shaldi. 2,5 kilometr piyodalar yo‘lakchasi va tungi yoritish ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi. Elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 4 dona transfarmator ta’mirlandi va 1 dona yangi transfarmator hamda 57 dona elektr temir-beton ustunlari o‘rnatildi.
Oq Oltin qishlog‘ida yuz bergan o‘zgarishlar bilan tanishar ekanmiz qosh qorayganini ham sezmay qolibmiz. Tekis va rovon yo‘llardan qaytar ekanmiz tungi yoritish chiroqlarining charog‘onligini ko‘rib ko‘zimiz quvnadi. Albatta hukumatimiz tomonidan olis qishloq massivlarini obodonlashtirish, u yerda yashovchi odamlar hayotini yaxshilash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar shu yerlargacha yetib kelgan ekan, hali Oq Oltin kabi ko‘plab manzillar bu kabi ezgu tashabbuslar doirasida gullab yashnaydi. Obod manzillarga aylanadi.
Yozganlarimiz ertak emas. Olis bir qishloqdagi oddiy insonlar hayotida yuz bergan o‘zgarishlardir. Bunga shubha qilsangiz siz Oq Oltin qishlog‘iga bir kelib keting.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA