Olis manzillarda gaz ta’minotidan muammolar bo‘lmaydi
Aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va tezkor hal etish maqsadida Toshkent viloyatining olis hududi hisoblangan Angren shahrining “Lashkarak” mahalla fuqarolar yig‘inida “Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisi M.Xodjayev ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Hududgazta’minot” AJ rahbariyati, “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali mutasaddilari hamda Respublika ishchi guruhi vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida yuzga yaqin murojaatchilarning 90 foizi joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Mazkur sayyor qabulda Angren shahar hokimi A.Rayimov hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ham qatnashdi. Bu esa fuqarolarning nafaqat gaz ta’minoti, balki boshqa yo‘nalishlardagi murojaatlarning ham kompleks tarzda ko‘rib chiqish imkonini yaratdi.

Tadbir doirasida ko‘rgazmali saf ko‘rigi tashkil etilib, suyultirilgan va tabiiy gaz ta’minoti jarayonlari, xavfsizlik qoidalari hamda zamonaviy xizmatlar bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, maxsus guruhlar tomonidan mahallada xonadonma-xonadon o‘rganish ishlari amalga oshirilib, mavjud muammolar joyida bartaraf etildi hamda aholiga xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Hozirda, “Angrenshaxargaz” gaz ta’minoti bo‘limi hisobida suyultirilgan gazdan foydalanadigan 3 ming 267 nafar iste’molchi bor. O‘tgan yil shahar hududidagi gaz quvurlarining korroziyaga uchrashining oldini olish maqsadida turli diametrli gaz quvurlari bo‘yoqlandi. Joylardagi yuqori bosimli gaz taqsimlash punktlarining 12 tasiga yangi zamonaviy uychalar o‘rnatildi. Ularning yana 41 tasi modernizatsiya qilinib, yangi zamonaviy GTNlarga almashtirildi.

– Hozir Lashkarak, Nishbosh va Jigariston mahallalarida jami 1,1 mingga yaqin suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, ular belgilangan reja-grafik asosida maishiy gaz ballonlari bilan ta’minlamoqda, – deydi “Hududgazta’minot” AJ Mahalla iste’molchilarini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Akmal Jo‘rayev.
Bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, muammolarni joyida hal etish hamda xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.