Olis mahallalar – obod manzillarga aylantirilmoqda
Shu kunlarda Toshkent viloyatining chekka hududlaridagi mahallalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilyapti.
Ma’lumki, Prezidentimiz raisligida 15 yanvar kuni mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyat o‘rganilib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan edi. Bu ishlar, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlanishi, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlarini, bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasalari, madaniyat markazlarini ta’mirlash va qurish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish lozimligi qayd etildi.

Piskent tumanida qishdan ko‘ra ko‘proq bahor fasliga xos ob-havo odamlarning kayfiyatini ham ko‘tardi. Mahallalarda obodonlashtirish ishlari boshlanib ketdi. Tashabbus eng olis hududlargacha yetib bordi. Xususan, “Do‘ngqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida tuman hokimligi, mas’ul tashkilotlar bilan birga boshlangan hasharda mahalla ahli ham chetda qolmadi. 300 nafarga yaqin hasharchilar mehnati bilan ta’mirtalab ko‘chalarni shag‘allashtirish, eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, ariq va zovurlarni tozalash, mavsumga tayyorlash rejalashtirilgan. Shuningdek, Oqtom mahallasida ham ko‘cha va maydonlar tozalanib, daraxtlarga shakl berilmoqda. Mahallada 505 ta xonadonda 2 ming 789 nafar aholi yashaydi. Hasharda obodonlashtirish ishlari bilan birga aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish uchun shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘riklar va xatlov ham o‘tkazilmoqda.

Yangiyo‘l tumanidagi Pistalik va Darxon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Jun kanalining 6,2 kilometr masofasida bugungi kunda ta’mirlash ishlari olib borilyapti. "Milliy qurilish ta’mirlash" MCHJ korxonasi tomonidan olib borilayotgan mazkur amaliy ishlarda kanal o‘pirilib ketish holatining oldi olinadi, suv loyqalanmasligi uchun va fermerlarga suvni o‘z miqdorida o‘zgartirmasdan yetkazish kabi bir qancha qulayliyelar yaratiladi.

Toza ichimlik suvi endi Do‘stlik mahallasida ham bo‘ladi. Shu maqsadda boshlangan amaliy ishlarda barcha faol bo‘ldi. Markaziy ko‘chaning 4 ta joyidan ko‘cha "kalonka"lari chiqarib berildi. Aholining dardu tashvishi, murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha shtab tashkil etildi. Endi tumandagi barcha soha rahbarlari mazkur mahallada faoliyat yuritib, inson qadri uchun xizmat qiladi. Toshkent viloyati Moliya bosh Boshqarmasi hamkorligida Yangiyo‘l tumani 4 ta sektor rahbarlari Do‘stlik mahallasining xaritasini olib, mahallaning eng og‘ir nuqtalarini o‘rganib chiqdi. Xatlov jarayonlarida o‘rganib chiqilayotgan xonadonlarning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib moddiy va ma’naviy yordamga muhtoj eng og‘ir holatdagi xonadonlarning uy-joylarini 100 foiz ta’mirlab, yangi ko‘rinishda tiklanadigan bo‘ldi.
Umuman olganda bu kabi sa’y-harakatlar barcha joylarda tizimli ravishda amalga oshirilyapti. Asosiy e’tibor – aholi muammolarni hal qilish, bandligini ta’minlash va munosib sharoit yaratishdir.
A.Musayev, O‘zA