Olimpiadadagi g‘alabalar murabbiylarning saviyasiga bog‘liq
To‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etish jahon mamlakatlarida hamisha ustuvor vazifalardan biri sifatida qaraladi.
Tokio-2020 o‘yinlari yakunlanib, uning tahlillari olib borilishi asnosida keyingi o‘yinlarga hozirlik dunyo sport tashkilotlarida, olimpiya qo‘mitalarida, federatsiyalarda allaqachon boshlanib ketgan. Shu ma’noda, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kunchiqar yurtda yakunlangan musobaqalarning xulosalari, tahlillari o‘tkazilmoqda.
Ma’lumki, joriy yilning 13 avgustida davlatimiz rahbari 32-olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilar va murabbiylar bilan o‘tkazgan uchrashuvda Tokio olimpiadasining ruhiy va jismoniy murakkablikligiga qaramasdan o‘z matonatini namoyish qilgan olimpiyachilarning xizmatlarini e’tirof etgan holda 2024 yilgi Parij olimpiadasiga mutloqo yangicha formatda tayyorgarlik ko‘rish, jamoviy sport turlarining ishtirokini ta’minlash borasida muhim jihatlarni aytib o‘tgandi.

O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida mazkur ko‘rsatmalar ijrosini ta’minlash, ishga yangicha yondoshish, sport federatsiyalari va terma jamoalardagi seleksiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish borasida manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda kunora yig‘inlar, seminarlar, muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.
Yana uch yildan so‘ng Parijda o‘tadigan olimpiya o‘yinlariga bag‘ishlangan tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Turizm va sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazildi.
Iqtidorli sportchilarni saralash, sport turlari bo‘yicha saviyali mutaxassislarni tayyorlash, olimpiya zahiralari kollejlari va sport akademiyalari faoliyati, terma jamoalarga salohiyatli mutaxassislarni jalb qilish kabi masalalar muhokama etilgan yig‘ilishda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini ilg‘or tajribalar asosida olib borish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, jamoalarning mashg‘ulotlari faqat kuchlilar bilan tashkil etilishiga murabbiylar alohida e’tibor qaratishi lozimligiga urg‘u berildi. Zotan, texnik-taktik jihatdan professionallar bilan doimiy raqobatlashish, hamkorlik ular bilan bo‘ylashishga, kerak bo‘lganda ustunlikka erishishga olib keladi.
Bundan tashqari, suhbat davomida jamoaviy sport turlari bo‘yicha bugungi holat, olimpiya yo‘llanmasi uchun imkoniyat darajasi, terma jamoalardagi murabbiylar tarkibining ish uslubi va boshqa qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA