Olimpiada g‘oliblari tantanali kutib olindi
Joriy yilning 19 mart kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida respublika miqiyosida mental arifmetika yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan jizzaxlik o‘quvchilar tantanali kutib olindi.
Umumta’lim maktab o‘quvchilarining ushbu olimpiadasida respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan jami 400 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur bellashuvga Jizzax viloyatining Zomin tumanidan borgan 28 nafar o‘quvchi unda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ularning 16 nafari 1-o‘rinni va 12 nafari 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Birinchi o‘rinlarni egallagan Zomin tumanining iqtidorli o‘quvchilari Turkiya davlatining Antaliya shahrida mental arifmetika yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan Xalqaro musobaqada ishtirok etish yo‘llanmasining soxibiga aylandi.
G‘ijduvon olimpiadasidan so‘ng, tuman o‘quvchi-yoshlari Buxoro viloyatining tarixiy qadamjolarini ham ziyorat qilib uylariga qaytdi.
Respublika miqiyosida bo‘lib o‘tgan mental arifmetika olimpiadasi g‘olib va sovrindorlari – o‘quvchilarning ota-onalari, do‘stlari, ta’lim tizimi va jamoatchilik vakillari, tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev boshchiligida tantanali kutib oldi.
A.QAYUMOV, O‘zA