Olimlarning vorislari bo‘lmasa, ilm davom etmaydi (+Video)
Bu yil O‘zbekiston fanlar akademiyasining 80 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Yubiley tantanalari oldidan O‘zbekiston fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov bilan akademiyaning mamlakat ilm-faniga qo‘shgan hissasi xususida suhbatlashdik.
—Bugungi kunda O‘zbekistonda ilm-fanga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, — deydi Bahrom Abduhalimov. — Keyingi yillarda akademiya tizimidagi ilmiy tadqiqotlar, u yerda ishlaydigan olimlarga yetarli sharoitlar yaratib berildi. Eng muhimi, ko‘p yillar davomida yangilanmagan ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazalari yangilandi.
Undan tashqari Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylovlar ham bo‘lib o‘tdi. 2017 yilda amalga oshirilgan akademiklikka saylov natijasida Fanlar akademiyasiga yana 32 nafar akademik kelib qo‘shildi.
—Akademik va olimlar uchun shuncha sharoitlar yaratilyapti. Ular bu nomga munosib tarzda qanday natijalar ko‘rsatyapti?
—Fanlar akademiyasi tizimida 38 ta ilmiy-tadqiqot instituti bor. Ulardan eng muhimlarini aytib o‘taman. Bizda Yadro fizikasi degan nihoyatda katta institut bor. Bu unikal, ya’ni noyob ob’ektlardan biri hisoblanadi. U yerda izotoplar ishlab chiqariladi. Ilgari Yadro fizikasi instituti yopilish darajasiga kelganda tabobatda foydalanish uchun O‘zbekiston xorijdan izotoplarni sotib olardi. Hozirgi kunda mana shu institut izotoplar bilan nafaqat o‘zimizning tibbiyotni ta’minlayapti, balki dunyoning bir qancha mamlakatlariga ham eksport qilyapti.
Maydanak tog‘ida osmon jismlarini kuzatish uchun muhim bo‘lgan yulduzlarni kuzatadigan observatoriya joylashtirilgan. Bu observatoriya 24 soat davomida osmon jismlarini yaxshi kuzatish imkoniyatini beradi.
Undan tashqari Matematika instituti olimlari amalga oshirayotgan ishlar ham dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilyapti.
— Fanlar akademiyasi deganda ko‘z oldimizga ko‘proq keksa avlod vakillari keladi. Bugungi kunda akademiyada yosh olimlarning o‘rni qanday?
—Agar ilmda vorischilik bo‘lmasa, yoshi katta olim o‘zi bilgan ilmini yoshlarga bermasa, uning ilmi yo‘qolib ketadi. Shu bois, ilmda “ustoz-shogird” an’anasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Rostdan ham ilgari akademiyada ko‘proq yoshi katta olimlar ishlardi. Hozir Fanlar akademiyasining qaysi tashkilotiga borsangiz, bu ko‘rinish o‘zgargan. Yoshi keksa olimlar qatorida ko‘plab yoshlarni ko‘rasiz.
Ilm hech qachon bir mamlakat doirasida qilinmaydi. Olim o‘zi qilayotgan tadqiqotlar bilan bog‘liq izlanishlar dunyoning qaysi mamlakatida amalga oshirilayotganini bilishi kerak. Shundagina u xalqaro talablarga javob beradigan tadqiqotlar qiladi, ilmiy asarlar, kitoblar yozadi.
Hozirgi yosh olimlarning ko‘plari ingliz, fransuz, nemis tillarida ham yozadi. Mana shu tillarda ilmiy ma’ruzalar ham qilishyapti. Ularning ma’ruzalari e’tirof etilyapti.
Qolaversa, “El-yurt umidi” jamg‘armasi yoshlarni boshqa mamlakatlarda ta’lim olishiga imkoniyat yaratyapti. Fanlar akademiyasidan ham bir qancha yoshlarimiz ushbu jamg‘arma tarafidan xorijga borib, malakalarini oshirib kelyapti. Bular shak-shubhasiz o‘z natijasini beradi.
—Nima uchun olamshumul ixtirolar, yangiliklar qilinmayapti? Buning uchun yana nimalar kerak, deb o‘ylaysiz?
—Bizga yaratilayotgan imkoniyatlarga qo‘shni mamlakatlar havas bilan qarashyapti. Nima sababdan mana shunga munosib javob bo‘lmayapti, degan savol o‘rinli. Buning sabablaridan biri sifatida shuni aytishimiz mumkinki, ilm ba’zi holatlarda vaqt talab qiladi. Bir olimning dunyoga kelib shakllanishi, fan nomzodi darajasiga erishishiga kamida 30 yilcha vaqt ketadi.
Yadro fizikasi, sharqshunoslik, arxeologiya, san’atshunoslik sohalarida faoliyat yuritayotgan yoshlar orasida dunyo talablarida izlanish olib borayotganlar bor. Izlanayotgan 5-6 nafar olimlardan bir yoki ikkitasigina dunyo miqyosida e’tirof etiladigan kashfiyotlarni qiladigan bo‘lib yetishishi mumkin. Bizda hozirgi sharoitda kamchilik bo‘lsada bor. Ularning soni oshishiga ishonch bor.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/W5pn9rj8Xi8" title="Olimlarning vorislari boʻlmasa, ilm davom etmaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
A.Sodiqov (video)
O‘zA