Olimlar va amaliyotchilar hamkorligi
Jizzax viloyati Forish tumanida dasht yaylovlari sharoitida dag‘al yem-xashakdan foydalanish samaradorligini mexanik ishlov berish yo‘li bilan oshirish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Jizzax viloyati Forish tumanida dasht yaylovlari sharoitida dag‘al yem-xashakdan foydalanish samaradorligini mexanik ishlov berish yo‘li bilan oshirish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Qurg‘oqchil mintaqalar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi – “ICARDA”ning yer resurslarini barqaror boshqarish loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarda qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, ilmiy muassasalar mutaxassislari, viloyatdagi chorvador fermerlar ishtirok etdi.
Forish tumanida qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chorvadorlarning bank kreditlari bilan qo‘llab-quvvatlanayotgani, ozuqa va yonilg‘i bilan ta’minlash, soliq sohalarida berilgan imtiyozlar soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir. Prezidentimizning 2008-yil 21-apreldagi "Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Tumanda 11 qorako‘lchilik shirkati, yuzdan ortiq chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash, yaylovlar hosildorligini oshirish, tarmoqqa yangi texnologiyalarni joriy etish muhim vazifa etib belgilangan.
Seminarda yaylovlardan samarali foydalanish, uning unumdorligini oshirish, ozuqa yetishtirishni ko‘paytirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy muassasalar tomonidan yaratilgan yangi texnologiyalar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Ozuqa tayyorlaydigan zamonaviy mexanizm va uskunalar namoyish etildi. Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan bir soatda 100 kilogramm bug‘doyni maydalab yemga aylantirish uchun bitta chiroqqa teng elektr energiyasi sarflaydigan dastgoh ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Biz yangi innovatsion texnologiyalarni namoyish etish bilan birga, chorvadorlarning qanday dastgoh va asbob-uskunalarga ehtiyoji borligini ham o‘rgandik, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti doktoranti Jabbor Alijonov. – Shu maqsadda ularni yangi g‘oyalar asosidagi chizmalar bilan tanishtirdik. Chorvadorlar bilan bunday yuzma-yuz muloqot yangi g‘oyalar ustida ishlashimizda asqotadi. Shu jihati bilan ushbu tadbir juda foydali bo‘ldi.