Olimlar nimadan xavotirda?
Tinch okeanida allaqachon shakllangan Al-Ninyo iqlim hodisasi meteorologlar fikricha rekord qayd etib, 1997-yildagi darajadan ham oshishi mumkin.
AQSH Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) mazkur hodisaning tarixan eng yuqori nuqtaga chiqishi ehtimoli 63 foizligini aytmoqda.
Olimlar fikriga ko‘ra, Al-Ninyo global isishni kuchaytiradi, favqulodda ob-havo hodisalari – issiqlik to‘lqini, qurg‘oqchilik, suv toshqini, o‘rmon yong‘ini kabi ofatlarni keltirib chiqaradi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hozirgi vaziyatni “shoshilinch iqlim ogohlantirishi” deb atadi va Al-Ninyo effekti iqlim o‘zgarishi ta’sirini yanada kuchaytirishiga urg‘u berdi.

Hodisaning ta’siri notekis kechishi kutilyapti. Xususan, ba’zi mintaqalarda suv toshqini va dovul, boshqa hududlarda qurg‘oqchilik, issiqlik to‘lqini kuzatiladi. Masalan, Janubiy Amerikada kuchli yog‘ingarchilik kutilyapti, Avstraliyada qurg‘oqchilik va yong‘in xavfi kuchli. Hindiston aholisi issiq to‘lqin kuchayishidan aziyat chekadi.
Mutaxassislar holatning eng yuqori cho‘qqisi kuz yoki qishda sodir bo‘lishidan ogohlantirib, oqibat global iqtisodiyotga ham ta’sir qilishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

Olimlar hukumatlardan noodatiy ob-havoga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda. Zero, super Al-Ninyo o‘n yilliklar ichidagi eng halokatli hodisaga aylanishi mumkin.
Al-Ninyo – ekvator yaqinidagi markaziy va sharqiy Tinch okeani yer usti suvi g‘ayritabiiy isishi bilan tavsiflanadigan iqlim hodisasi hisoblanadi. Bu isish me’yoriy ob-havo sharoitini buzadi, butun dunyo bo‘ylab iqlim muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
S.Rahimov, O‘zA