Olamni mahliyo aylagan diyor
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganligining 30 yilligi Farg‘ona viloyatida ham keng nishonlanmoqda.
Joylarda “Olamni mahliyo aylagan diyor” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, yoshlar o‘rtasida ijodiy tanlovlar tashkil etilmoqda.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon – sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.
Davlatimiz gerbi 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasining Oliy Kengashi tomonidan qabul qilingan qonun bilan tasdiqlangan. Shu sabab 2 iyul – O‘zbekiston fuqarolari uchun bayram sifatida qadrli va unutilmas kunlardan biriga aylangan.
Bugun ertalabdan Farg‘ona shahridagi markaziy ko‘chalarda davlat bayrog‘i o‘rnatilgan holida vatanparvarlik avtokarvonining harakati har bir yurtdoshimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Farg‘ona shahridagi kasb-hunar maktabida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Hatamov, viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi mutaxassisi Shavkat To‘ychiyev davlat ramzlari mustaqilligimizning timsoli ekanligini, aholi va yoshlar qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishdagi beqiyos ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Yoshlar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi namoyish etildi. Ona-vatanni, tinchlikni madh etuvchi she’rlar barchaga manzur bo‘ldi.
[gallery-7817]
M.Sulaymonov,
M. Qodirov (surat),O‘zA