Olam uzra jaranglayver aziz madhiyam
Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida “Olam uzra jaranglayver, aziz madhiyam!” mavzusida ma’naviy tadbir tashkil etildi.
10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchi yoshlar, tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, madhiyamiz Davlat suverenitetining ramzi bo‘lib, unga alohida hurmat-ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir. Zero, madhiyamizda xalqimizning ezgu orzu-umidlari, milliy qadriyat va an’analarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

Yurt himoyachilari kasb-hunar maktabida o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan ham yaqindan tanishdi. Shinam, yorug‘ va har tomonlama qulay maktab kutubxonasida esa kitob va kitobxonlik, mutolaa zavqi xususida so‘z yuritilib, harbiylar va yoshlar ishtirokida mushoira ham o‘tkazildi.
Aytish joizki, chin ma’nodagi vatanparvarlik, xalq va armiya yakdilligini ifoda etuvchi bayramga aylangan tadbir davomida o‘quvchi yoshlar sarhadlarimiz posbonlarining jangovar chiqishlari, kinolog mutaxassislar tomonidan xizmat itlari bilan namoyish etilgan ko‘rinishlar, shuningdek zamonaviy harbiy texnikalar va qurol-aslahalarni ham zo‘r qiziqish bilan tomosha qildi.
Men ham Vatan himoyachisi bo‘laman

Farg‘ona tumani “Yoyilma” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 47-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbir ana shunday nomlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari, tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbir, sarhadlarimiz himoyachilarining mashaqqatli va sharafli xizmat faoliyatlaridan hikoya qiluvchi videolavha namoyishi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, “Biz buyuk sarkardalar Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi avlodlarimiz!” mavzusida suhbat tashkil etilib, ota-bobolarimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun kurashgan shu aziz Vatanni asrab-avaylash muqaddas burch ekani xususida so‘z yuritildi. Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar hamda sahna ko‘rinishlari ham dillarga iliqlik va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Sarhadlarimiz posbonlari tomonidan maktab hovlisida tashkil etilgan qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari va qurol-aslahalar namoyishi esa ertamiz egalarining harbiylikka bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
Vatan tinchligiga barchamiz mas’ul

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi tomonidan mamlakatimizda kamol topayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash,ularni chegara qo‘shinlarining shonli va jangovar an’analari bilan yaqindan tanishtirib, munosib izdoshlarni tayyorlash maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 15- umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Vatan tinchligiga barchamiz mas’ul!” shiori ostida o‘tkazildi. Samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir o‘quvchi yoshlarning harbiy xizmat haqidagi tushunchalarini yanada boyitishga xizmat qildi.
– Bugun Vatanimizning qay go‘shasiga bormang yoshlar ishtirokidagi harbiy vatanparvarlik tadbirlarining guvohi bo‘lasiz, – deydi mayor Ashurali Akbalayev.
– Bu esa o‘z navbatida xalq va armiya yakdilligi, bir tanu bir jon ekanining dalilidir. O‘ylaymanki, bugungi tadbir davomida o‘quvchilar Vatanni sevish, uning har qarich tuprog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrash har bir farzandining muqaddas burchi ekanini yana bir bor yurakdan his etdi.
Barno Meliqulova,
O‘zA