Ola bilsang, tuproq oltinga teng
Yer insonni to‘yg‘azib kelgan, bundan keyin ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishda sug‘oriladigan ekin yerlari, o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan maydonlar asosiy zamin bo‘lib qoladi.
Bu oddiy formula, ammo uning yechimi samarali, strategik ahamiyatga ega. Masalan, kundalik iste’mol qilinadigan taomlarimizda ishlatiladigan masalliqlardan kartoshka, sabzi, piyoz, guruch, bug‘doy va boshqa ziroatlar, savzavotlar, poliz ekinlari dala va tomorqalarda yetishtiriladi.
Hatto, go‘sht va sut mahsulotlarining asosi, energiya manbai ham yer sanaladi.
Davlatimiz rahbarining deyarli kundalik chiqishlarini, ijtimoiy-iqtisodiy, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishish uchun hududlarga amalga oshirayotgan tashriflarini institutsional maktab sifatida kuzatib borishga odatlanganman. Chunki, Prezidentimiz o‘rtaga tashlangan – olg‘a surgan har bir dastur xalqchil, oddiy odamlar tushunadigan va hayotimiz uchun o‘ta muhim, istiqbollidir.
Joriy yil 13 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev dala chetlarida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishning ustuvor vazifalarini belgilab berarkan, bu vazifa globallashuv sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda qo‘l keladigan agrotexnologiya sifatida jamoatchilikda qatta qiziqish uyg‘otdi, keng qo‘llab-quvvatlandi. Davlatimiz rahbari dala chetlariga ekin ekib, qo‘shimcha hosil olishni joriy yil 23 mart kuni qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilab bergan edi.
Topshiriqqa ko‘ra, Kadastr agentligi o‘tkazgan xatlovda respublikamizda 60 ming gektarga yaqin dala chetlaridan to‘liq foydalanilmayotgani aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bo‘sh turgan dala chetlaridan maqsadli foydalanish orqali 337 ming tonna qo‘shimcha iste’mol mahsulotlari olish imkoniyati borligi aniqlangan.
Ta’kidlash joizki, globallashuv sharoitida o‘tayotgan vaqt, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash manbai bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasida dolzarbdir. Negaki, dehqonchilik kun sanaydi. Qaysidir ekinga vegetatsiya davridan bir kun kechikib ishlov berish ko‘ngildagidek hosil ololmaslikka sabab bo‘lishini oddiy mirishkor dehqon ham yaxshi biladi. Bu esa, har bir qarich yerdan oqilona va o‘z vaqtida samarali foydalanishni talab qiladi.
Davlatimiz rahbari 13 aprel kuni olingan hisobotlarga ko‘ra, dala chetlarida dehqonchilik qilish uchun urug‘, ko‘chat, o‘g‘it va suv ta’minoti maqsadlariga 100 milliard so‘m yo‘naltirdi, bu salmoqli sarmoyalar esa, arzon iste’mol mahsulotlariga aylanib yurtdoshlarimiz xonadonlariga, dasturxoniga farovonlik va qut-baraka olib borishi turgan gap.
Tabiiyki, yetishtirilgan poliz mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash juda muhim hisoblanadi. Rivojlangan davlatlarda hududiy sovutgichlar tashkil qilingan, aholi mahsulotlari ularda xavfsiz va sifatli saqlanadi. Shu bois quritish va sovitish uskunalarini xarid qilishga davlatimiz rahbari 50 milliard so‘m ajratishiga ko‘rsatma berdi, bu katta yangilik, quvonarli hodisa.
Negaki, ilgari dehqonlar hosil yetishtirsa, uni qayerda saqlashni bilmasdi, hosil esa chirib, nes-nobud bo‘lishidan qo‘rqib ekin ekmasdi. Tavakkal qilolmasdi. Dehqonchilik bir burjidan deganlaridek, bugun sovutgichli omborlar tashkil qilinmoqda, endilikda dala chetlariga turli ziroatchilik, dukkakli va poliz ekinlarini ekish tadbiriga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Buning natijasida kuzgi mavsumda ichki bozorlar arzonlashadi, shu asnoda shahar bozorlari ham barqarorlashadi. Import o‘rni qoplanadi, eksport hajmi oshadi. Bu aholi uchun juda qulaylik yaratadi.
Yerdan samarali foydalanishda Koreya tajribasi “Oldingdan oqqan suvni qadri yo‘q”, degan xalq naqli bejiz aytilmagan. Hadislarda isrofgarchilik – noshukrlik, deb ta’riflangan. Aniqlangan yerlarning bekor turishi ham aslida isrofgarchilikning ko‘zga ko‘rinmas omili bo‘lib kelgan desak, adashmaymiz.
Davlatimiz rahbarining dala chetlariga ekin ekish bo‘yicha mazkur topshirig‘i bizga Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi tajribasini eslatadi.
Janubiy Koreya uchun 51 milliondan ziyod aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash oson ish emas, boisi hukumat qishloq xo‘jaligi sanoatini qator innovatsion chora-tadbirlar bilan diversifikatsiya qilib, ishlab chiqarish hajmini barqarorlashtirib kelmoqda. Bu borada ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda, qishloq xo‘jaligi ekinlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘llarini izlamoqda.
Janubiy Koreya o‘nlab yillar davomida qishloq xo‘jaligini yuqori darajada qo‘llab-quvvatlab kelarkan, bu sohani isloh qilish va rivojlantirishda yer, mehnat va soliq islohoti zarurligi haqida keng siyosiy missiyani ilgari surmoqda.
Agrar sohadagi intensiv samarali islohotlar tufayli so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasi ko‘rsatkichlari izchil yaxshilanib bormoqda. Natijada Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab, ko‘p miqdorda guruch, bug‘doy, paxta, go‘sht, parrandachilik, tuxum va baliqchilik mahsulotlarini ishlab chiqish darajasiga yetdi. Aholisining ichki ehtiyojlarini qisman qoplashga erishmoqda.
Qishloq xo‘jaligida texnika va ilg‘or texnologiyalardan foydalanishni ko‘paytirish borasida ham ko‘plab imkoniyat yo‘llarini izlamoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatda soha samaradorligi va yer unumdorligini oshirish uchun yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari joriy etilmoqda. Bu borada hukumat ko‘p yillik dasturlarni qabul qildi. Masalan, fermerlar daromadini ikki baravar oshirish va 2050 yilgacha bo‘lgan davrda sohaga qishloq aholisining qariyb yarmini jalb qilish tahsinga loyiq.
Bu tub islohotlarda Janubiy Koreya hukumati o‘nlab yillar davomida qishloq xo‘jaligi sohasini o‘g‘itlarni subsidiyalash, kreditlash shartlarini yumshatish kabi mexanizmlar orqali faol qo‘llab-quvvatlab kelgani natijasini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, fermerlarga o‘z daromadlarini adolatli baholash va kelgusi qishloq xo‘jaligi mavsumini shunga muvofiq rejalashtirish imkonini beradi.
Janubiy Koreyaning federal va mintaqaviy organlari davlat muassasalari tarmog‘i va turli dasturlar orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini himoya qilishga, ishlab chiqarishni ko‘paytirishga harakat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yaxshilash uchun muhim bo‘lgan ikki asosiy omil – tuproq va suv borasidagi muammolarini ilmiy-institsional bartaraf etish bo‘yicha qator ilmiy-siyosiy chor-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Demak, “Osiyo yo‘lbarsi” nafaqat sanoat sohasida yerdan oqilona, institutsional foydalanib katta daromad, manfaat olmoqda, balki demografik o‘sishda oziq-ovqat bilan bog‘liq muammolarga omilkor yechim topmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning dala chetlaridagi bo‘sh turgan yerlar va tomorqalardan “bir mahalla – bir mahsulot” dasturi doirasida unumli foydalanish, kambag‘allikni qisqartirish, narx-navo barqarorligini saqlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ilgari surib kelayotgan fikrlari Janubiy Koreyadagidek agrar soha samaradorligiga yetaklashi shubhasiz.
Oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb Prezident Shavkat Mirziyoyev dala chetlaridagi yerlarda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishning ustuvor vazifalarini belgilab berarkan, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida 60 ming gektarga yaqin dala chetlaridan samarali foydalanish, ularda eng zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, institutsional takomillashtirish yo‘nalishlarini bizga taqdim qiladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, dala chetidagi zovur va suv bo‘ylarida 600 ming bosh parranda boqish, qariyb 300 mingta asalari uyasi joylashtirish imkoniyati bor bo‘lib, buning mexanizmlari tub islohotlarda shakllanib kelmoqda. Bu borada boy tajribamiz bor. Xususan, quyonchilik, parrandachilik, tuyaqushchilik, baliqchilik, echkichilik va chorvachilik sohalarini mahallabay dasturlar asosida ushbu yerlarda tashkil qilish ko‘plab mavsumiy ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatini berishi mumkin.
Bo‘sh turgan dala chetlarida tut daraxtini ko‘paytirish esa pillachilik sohasi va ekologiya uchun foydali. Sho‘rga va suvsizlikka chidamli qovoq, zig‘ir, kunjut va mosh kabi ozuqabop, xaridorgir dukkakli ekinlarni keng ko‘lamda yetishtirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta rol o‘ynaydi.
Bunday samarali chora-tadbirlarni davlatimiz rahbari o‘z tashabbuslari bilan qo‘llab-quvvatlab, katta sarmoyalar yo‘naltirayotgani qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion texnologiyalarni keng ko‘lamda ilmiy tatbiq qilishni o‘rgatadi.
Sherzod QURBONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi.
O‘zA