“Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” doirasida Yozgi maktab boshlandi
O‘zbek tili endi faqat darslik va auditoriyalarda emas, balki dunyoning yetakchi universitetlaridan biri Oksfordda ham chuqur o‘rganilmoqda.
“Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” doirasida boshlangan Yozgi maktab esa bu jarayonni bevosita O‘zbekistonda davom ettirib, xorijlik talabalar va tadqiqotchilarga o‘zbek tili, tarixi va madaniyatini uning tabiiy muhitida o‘rganish imkonini bermoqda.
“Oksford o‘zbekshunoslik dasturi”ga 2025-yil oktabr oyida Prezident Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan start berilgan edi. Ushbu loyiha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan Oksford universiteti bilan hamkorlikda hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan. Uning asosiy maqsadi — o‘zbek tili, tarixi va madaniyatining xalqaro akademik maydonda tizimli o‘rin egallashini ta’minlash hamda O‘zbekistonni o‘rganuvchi xorijiy tadqiqotchilarning yangi avlodini shakllantirishdir.
Dastur doirasida Oksford universiteti talabalari va akademik hamjamiyati vakillari uchun yozgi maktab tashkil etilmoqda. O‘quv yili davomida uning ishtirokchilari zamonaviy o‘zbek va chig‘atoy tillarini o‘rgandilar, adabiy manbalar, qo‘lyozma meros va Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy muhiti bilan tanishdilar. Endi nazariy bilimlar bevosita O‘zbekistonda til va madaniyatga chuqur singish orqali mustahkamlanadi.
Yozgi maktab 27-avgustdan 23-sentabrgacha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti negizida bo‘lib o‘tadi.
Dastur o‘zbek va chig‘atoy tillari bo‘yicha jadallashtirilgan mashg‘ulotlarni, shuningdek, tarix, adabiyot, tasavvuf, jadidchilik harakati, qo‘lyozma meros va o‘zbek kinosiga bag‘ishlangan ma’ruzalarni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilar UzAcademy platformasi, amaliy san’at an’analari, milliy musiqa va kundalik turmush madaniyati bilan ham tanishadilar.
Ta’lim marshruti Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini qamrab oladi. Muzeylar, tarixiy obidalar, kutubxonalar, hunarmandchilik markazlari va an’anaviy maskanlarga tashrif buyurish ishtirokchilarga til, tarix va mamlakatning zamonaviy hayoti o‘rtasidagi jonli aloqani ko‘rish imkonini beradi.
Yozgi maktabning aynan O‘zbekiston davlat mustaqilligi bayrami kunlarida o‘tkazilishi alohida ahamiyatga ega. Bu xorijlik tadqiqotchilar uchun nafaqat mamlakatning boy merosi bilan tanishish, balki dunyoga ochiq, o‘z tarixini ardoqlaydigan va kelajagini ishonch bilan barpo etayotgan zamonaviy O‘zbekistonni ko‘rish uchun ham imkoniyat yaratadi. Yozgi maktab Oksford dasturining muhim amaliy bosqichiga aylanadi: til darslik doirasidan chiqib, ko‘chalarda, universitet xonalarida, muzeylarda va jonli muloqotda yangray boshlaydi.
“Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, sivilizatsiyalar muloqoti, madaniy aloqalarni chuqurlashtirish uchun yangi maydon yaratadi hamda xorijdagi o‘zbekistonlik stipendiatlar va talabalarni xalqaro maydonda O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi o‘ziga xos ziyolilar hamjamiyatiga birlashtiradi.
Dastur 2025-yilning kuzida ish boshladi. 2026-yilning bahoriga kelib zamonaviy o‘zbek tilidan boshlang‘ich kurs va o‘rta darajadagi chig‘atoy tili kursi bo‘yicha uch o‘quv trimestridan ikkitasi yakunlandi.
Zamonaviy o‘zbek tili mashg‘ulotlarining birinchi kunida 25 nafar tinglovchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ikki trimestr yakuniga ko‘ra 15 nafar doimiy ishtirokchidan iborat barqaror guruh shakllandi. Chig‘atoy tili kursiga dastlab besh kishi yozilgan bo‘lsa, birinchi trimestrdan so‘ng ularga yana ikki nafar tadqiqotchi qo‘shildi. Barcha ishtirokchilar yakuniy trimestrda o‘qishni davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Umuman olganda, dastur hozirgacha Oksford universitetining 20 dan ortiq talaba va tadqiqotchisini qamrab oldi. Bu ham zamonaviy o‘zbek tiliga, ham mumtoz yozma merosni o‘rganishga jiddiy akademik talab mavjudligidan dalolat beradi.
O‘zbek tilini deyarli bilmasdan o‘qishni boshlagan tinglovchilar Til bilishning umumevropa tizimi (CYeFR) bo‘yicha taxminan A2 darajasiga erishdilar. Eng sezilarli o‘sish o‘qish va yozma nutqda qayd etildi. Ta’limning keyingi bosqichi og‘zaki muloqot va tinglab tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Jadal sur’atdagi ta’lim hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining yozgi maktabidagi ishtirokni hisobga olsak, talabalar bir taqvim yili davomida B1 darajasiga yaqinlasha olishi taxmin qilinmoqda.
Matn va tarjima bilan ishlashning an’anaviy Oksford uslubini zamonaviy kommunikativ yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan mazmundor o‘quv dasturi shakllantirildi. O‘qitishda muammoli va amaliyotga yo‘naltirilgan topshiriqlar, juftlikda ishlash, materialni oldindan mustaqil o‘rganish, raqamli resurslar va multimedia kontentidan foydalanilmoqda.
O‘quv jarayoniga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining qo‘llanmalari, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro darsliklar, o‘qituvchining mualliflik materiallari, audioyozuvlar va videodarslar jalb qilingan. UzAcademy platformasidan yanada faolroq foydalanish uchun zamin hozirlandi.
Chig‘atoy tili yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga erishildi. Talabalar XIV asr oxiridan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda yaratilgan bosma va qo‘lyozma matnlar bilan ishladilar. Dasturga epik she’riyat, tarixiy asarlar va diplomatik yozishmalar kiritildi. Bodli kutubxonasining maxsus fondlaridagi qo‘lyozmalar asosida paleografiyani chuqur o‘rganish ko‘zda tutilgan.
Loyiha Oksford universiteti ichida ham, undan tashqarida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Dastur turli fakultetlar, tadqiqot markazlari va kollejlarga taqdim etilmoqda. Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari, zamonaviy tillar, tilshunoslik, Rossiya va Sharqiy Yevropa tarixi, islom san’ati va moddiy madaniyat sohalari mutaxassislari alohida qiziqish bildirmoqda.
Muvaffaqiyatning muhim ko‘rsatkichi hozirgi tinglovchilarning o‘qishni davom ettirish istagidir: o‘rta darajadagi o‘zbek tili va yuqori darajadagi chig‘atoy tili kurslariga ehtiyoj allaqachon mavjud. Bu dasturning bir martalik tanishuv kursi bilan cheklanib qolmay, asta-sekin barqaror ta’lim yo‘nalishini shakllantirayotganini anglatadi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA