OKMK: Yangi yilning birinchi oyi samarali bo‘ldi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 2023 yilning yanvar oyi eksport rejasini 131 foizga bajardi.
Aytish joizki, OKMK mahsulotlari asosan Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Polsha, Tojikiston, Niderlandiya, Xitoy kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Shuningdek, yangi bozorlar xususan, Senegal, JAR, Avstriya, Ispaniya, Finlyandiya va Singapur kabi davlatlarga ham mahsulotlar yuborilmoqda.




Joriy yilning yanvar oyida 45,1 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Mahsulotlar kesimida oladigan bo‘lsak, 29,1 million dollarlik mis mahsulotlari (3,4 ming tonna), 6,6 million dollarlik rux metali (2,1 ming tonna) va 9,4 million dollarlik boshqa turdagi mahsulotlar eksport qilindi. E’tiborlisi, Niderlandiya davlatiga 8,8 million dollarlik (126 tonna) molibden mahsulotlari eksporti amalga oshirildi, bu ko‘rsatkich rejaga nisbatan 180 foizni tashkil etdi. So‘nggi paytlarda nodir metallar, molibden va volfram mahsulotlariga dunyo bozorida talab ortib bormoqda. Bunda kombinatning Samarqand viloyatida joylashgan Ingichka konidagi texnogen chiqindilaridan volfram metalini olishni boshlangani muhim ahamiyat kasb etadi.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA