OKMK xorijning yetakchi kompaniyalari bilan shartnomalar imzoladi
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 99 mamlakatidan 8 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, yirik investorlar, xalqaro tashkilotlar va soha ekspertlari qatnashmoqda. Forum O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini keng namoyish etish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega yangi kelishuvlarni imzolash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Forum dasturi nihoyatda rang-barang bo‘lib, undan yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investitsiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o‘rin olgan. Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini aks ettiruvchi maxsus ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada mamlakatimizning quyidagi strategik sohalardagi imkoniyatlari taqdim etilmoqda:
Qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat;
Geologiya, energetika va kimyo sanoati;
Elektrotexnika va mashinasozlik;
Sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari
Joriy yilgi forum doirasida kimyo sanoati, geologiya, metallurgiya, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, transport-logistika, turizm va ta’lim kabi qator yo‘nalishlarda yirik investitsiya shartnomalari imzolanishi ko‘zda tutilgan. Ushbu nufuzli anjumanda mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining flagmani hisoblangan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ ham o‘z ishlab chiqarish salohiyati va yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan faol ishtirok etmoqda.
Forum doirasida “Olmaliq KMK” AJ xorijiy sheriklar bilan qator istiqbolli va yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi.
Polsha bilan yangi qo‘shma korxona

Forumda erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Polshaning nufuzli “APS Energia” kompaniyasi bilan hamkorlikda “APS Energia-AMMC” qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha ta’sis hujjatlari rasman imzolandi. Mazkur loyiha ishlab chiqarishga zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladi.
Xitoy bilan tog‘-kon va metallurgiya sohasida hamkorlik

Kombinat hamda Xitoy Xalq Respublikasining “China Nonferrous Metal Industry’s Foreign Engineering and Construction Co., Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Mazkur hamkorlik doirasida quyidagi muhim yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi belgilandi:
Mahalliylashtirish dasturi asosida zarur reagentlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish;
Ikkilamchi resurslarni qayta ishlash;
Ma’dan tarkibidan qimmatbaho metallarni ajratib olish texnologiyalarini takomillashtirish.
Misr bilan energetika va infratuzilma sohasida aloqalar

Forumning muhim voqealaridan yana biri “Olmaliq KMK” AJ hamda Misr Arab Respublikasining energetika va infratuzilma sohasidagi yirik va yetakchi korxonasi — “Elsewedy Electric” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Bu kelishuv kelgusida ikki tomonlama texnologik almashinuv va infratuzilmaviy loyihalarni rivojlantirishga zamin yaratadi.
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning global iqtisodiy maydondagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platforma ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. “Olmaliq KMK” AJning Polsha, Xitoy va Misr kabi davlatlarning yetakchi kompaniyalari bilan imzolagan bitimlari nafaqat kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyalarni jalb etish, balki mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining eksport va investitsiyaviy jozibadorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladi.
OKMK Axborot xizmati, O‘zA