OKMK: istiqbolli hamkorlik yanada kengayadi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ko‘plab xorijiy davlatlarning yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda.
Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlou boshchiligidagi Buyuk Britaniya delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibida Buyuk Britaniyaning Xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchell, Weir Minerals kompaniyasi boshqaruvchi direktori Karola Shuls, Standard Chartered Bank tuzilgan eksportni moliyalashtirish bo‘yicha direktori Desislava Radevalar keldi.
Har ikki tomon o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari, Standard Chartered va UKEF bankining OKMK infratuzilmasi va kapital loyihalari uchun moliyaviy yechimlari muhokama etildi.

Uchrashuvda mehmonlarga kombinat faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi. Shuningdek, muzokaralar chog‘ida Britaniyaning tog‘ konchilik sohasidagi kompaniyalari va OKMK o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan 3-Mis boyitish fabrikasiga Weir Mineralsni xizmat ko‘rsatish yuzasidan kelishuv muhokama qilindi.
Yuqori martabali mehmonlar tashrif doirasida Qalmoqqir, “Yoshlik-1” konlariga, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasiga hamda Mis eritish zavodiga ham borib, texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki OKMK hamda Buyuk Britaniyaning bir qator kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Jumladan, joriy yilning 29 noyabr kuni OKMK va Weir Group plc kompaniyasi o‘rtasida Mis boyitish fabrikasiga uskunalar yetkazib berish bo‘yicha 14,2 million yevrolik shartnoma imzolandi.
Shuningdek, 3-Mis boyitish fabrikasining loyiha hujjatlarini texnik jihatdan baholash va qabul qilish uchun Buyuk Britaniyaning “Technip Energies” kompaniyasi jalb qilingan. Bundan tashqari, xalqaro miqyosda tan olingan standartlar orasida ajralib turuvchi JORC kodeksi bo‘yicha OKMK zaxiralarini hisoblash ishlarini ham aynan Angliyaning dunyodagi yetakchi kompaniyasi sanalgan SRK consulting amalga oshirgan.
OKMK Axborot xizmati