OKMK geologlari uchun xalqaro seminar
Olmaliq shahridagi Muhandislik maktabida OKMK geologlari va soha mutaxassislari uchun xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib, o‘tdi.
Tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida seminarga Qozog‘iston Respublikasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari – D. Serikbayev nomidagi Sharqiy Qozog‘iston texnika universiteti hamda S.O‘tebayev nomidagi Atirau neft va gaz universitetining professor-o‘qituvchilari taklif etildi.

Seminarda kombinat tarkibiy bo‘linmalaridan saralab olingan xodimlarga qozog‘istonlik olim, texnika fanlari nomzodi va professor Apshikur Baytak "Geologiya va mineral resurslar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari", Atirau neft va gaz universitetining katta o‘qituvchisi Aliya Abilgaziyeva “Markaziy Osiyoda geologik tadqiqotlarning ta’lim va infratuzilmaviy salohiyatini rivojlantirish” mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
Tadbirda kombinat malakali mutaxassis va xodimlari xorijlik olimlar bilan Markaziy Osiyo mintaqasida geologiya sohasini rivojlantirish, ta’lim va infratuzilmaviy salohiyatni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha fikr almashdi.
– Biz Olmaliqqa “KazUzGeo” xalqaro yozgi maktab loyihasi doirasida tashrif buyurdik, – deydi Atirau neft va gaz universiteti katta o‘qituvchisi Aliya Abilgaziyeva. – Bu ikki davlatning tog‘-kon yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari hamkorligiga asoslangan bo‘lib, tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz o‘zaro tajriba almashishdan iborat. Bugun OKMKning Qalmoqqir va Yoshlik konlarida bo‘lib, u yerdagi ma’danni qazib olish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Bu esa talabalarimiz uchun bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga imkon yaratdi. Belgilangan dasturga ko‘ra Muhandislik maktabida seminar o‘tkazib, o‘z bilimlarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Mazkur loyiha universitetlarimiz va sanoat o‘rtasidagi integratsiyani rivojlantirib, kuchli mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi.

Muhandislik maktabida o‘tgan ushbu uchrashuv kombinat xodimlarining malakasini oshirish va ishlab chiqarishga ilg‘or ilmiy yondashuvlarni joriy etishda bir saboq bo‘ldi.
A.Musayev, O‘zA