OKMK: birinchi yarim yillik natijalari sarhisobi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida barcha belgilangan ishlab chiqarish prognozlari bajarishiga erishildi.
Xususan, 2026-yil yanvar-iyun holatiga ko‘ra, 30,9 trln so‘m tovar mahsulotlari ishlab chiqarilib, prognoz 133,3 foizga bajarildi. Kombinatning asosiy mahsuloti bo‘lgan mis katodini ishlab chiqarish prognozi 100 foizga ado etildi.
Birinchi yarim yillikda 493,4 mln dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, prognoz 148,6 foizga bajarildi.
2026-yil uchun Investitsiya dasturiga “Olmaliq KMK” AJ bo‘yicha 7 ta yirik loyiha doirasida 294,6 mln dollar mablag‘larini o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lib, 6 oyda 142,8 mln dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Prognoz 101,9 foizga bajarilishi ta’minlandi.
Mahalliylashtirish dasturi ham kombinatda samarali amalga oshirilmoqda. 2026-yilda dastur bo‘yicha 1511,1 mlrd so‘mlik 40 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘tgan 6 oyda 35 ta loyiha asosida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ko‘rsatkichi 649,8 mlrd so‘mni yoki prognozga nisbatan 102,1 foizni tashkil etdi.
2026-yilga mo‘ljallangan ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ishlab chiqarish xarajatlarini 2301,5 mlrd so‘mga yoki 13,2 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirishdan kutilayotgan natija 1148,2 mlrd so‘mni yoki 14,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Shuningdek, kombinat tomonidan birinchi yarim yillikda byudjetga 16 trln so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
OKMK axborot xizmati