Oilaviy tadbirkorlik – jamiyat ravnaqi
Qashqadaryo viloyatida yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 27 ming 241 yangi ish o‘rni yaratildi.
Qashqadaryo viloyatida yangi ish o‘rinlari yaratish, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 27 ming 241 yangi ish o‘rni yaratildi.Aholini ish bilan ta’minlashda kasanachilik va oilaviy tadbirkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kichik korxona va mikrofirmalar tashkil etish hisobiga 8 ming 270, yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 4 ming 582 hamda kasanachilikning barcha shakllari hisobidan 7 ming 673 yangi ish o‘rni yaratilib, uning asosiy qismida xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Prezidentimizning 2007-yil 6-apreldagi “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
Koson tumanida aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish hududiy dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda salmoqli ishlar qilinmoqda. Tumanda joriy yilning o‘tgan davrida yakka va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va kengaytirish orqali 152, kasanachilikning barcha shakllarini tashkil etish natijasida 249 nafar xotin-qiz ish o‘rniga ega bo‘ldi.
– O‘tgan yili bankdan olingan 39,5 million so‘m kredit mablag‘i evaziga oilaviy korxona tashkil qildik, – deydi tumandagi “Koson rivoj tekstil” oilaviy korxonasi rahbari Lobar Qurbonova. – Ayni paytda bu yerda 12 nafar tengdoshim tikuvchilik bilan shug‘ullanmoqda. Buyurtma asosida tayyorlanayotgan ushbu mahsulotlar sifati va arzonligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Tuman hokimligi, prokuraturasi hamkorligida joriy yilning o‘tgan davrida 15 marotaba mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, 100 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Parrandachilik, asalarichilik hamda baliqchilikni rivojlantirish orqali ham yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.