Oilaviy poliklinika yangi binoda ish boshladi
Yangi yil bayrami arafasida Andijon shahridagi 7-oilaviy poliklinikaning kapital ta’mirlangan yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Andijon shahridagi 7-oilaviy poliklinikasi 45 ming nafardan ziyod kishi istiqomat qilayotgan 8 ta mahallaga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Zamonaviy qiyofa va barcha qulayliklarga ega poliklinikaning yangi binosini ta’mirlash va jihozlash uchun 3 milliard 900 million so‘m byudjet mablag‘lari sarflandi. Bu yerda nafaqat tashrif buyuruvchilar, balki shifokorlarning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Endilikda mazkur poliklinika xizmat ko‘rsatadigan mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati yanada yuksaladi. Qolaversa, bu yerda turli xastaliklarini erta aniqlash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida qator qulaylik yaratildi.
Yangi bino ochilishida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
[gallery-5230]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA