Oilaviy ajrimga kim aybdor?
Bugungi kunda oilaviy ajrimlar masalasi Andijon viloyatida ham oʻta dolzarb muammolardan biri boʻlib kelmoqda.
Mahalla va oila muammolarini oʻz vaqtida aniqlash hamda hal etish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz ajrimlar masalasiga alohida toʻxtalib, kichik maishiy sabablar jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganini afsus bilan qayd etdi. Ajrimlarning oldini olish boʻyicha qator vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi kunda oilaviy ajrimlar masalasi Andijon viloyatida ham oʻta dolzarb muammolardan biri boʻlib kelmoqda. Mamlakatimiz hududining bir foizini, aholisi esa 10 foizini tashkil etadigan, 786 mingdan ortiq oila istiqomat qilayotgan, har yili qariyb 30 mingta yangi oila barpo boʻlayotgan viloyatda oilaviy ajrimlar boʻyicha vaziyat qanday? Ajrimlarni kamaytirish, uning oldini olish boʻyicha qanday ishlar olib borilmoqda?
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida viloyatdagi 386 mahallada 632 ta ajrim qayd etildi. Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mana shu davriga nisbatan 167 taga yoki 20,1 foizga kamaygan. Biroq, 55 ta mahallada ajrimlar soni ortgan.
- Tahlillarga koʻra, ajrimlarning 311 tasi fuqarolik ishlari boʻyicha sud qarorlari, 321 tasi FHDYO organlari tomonidan qayd etilgan, — deydi Andijon viloyati hokimining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Manzuraxon Yunusova. — Sud tomonidan qayd etilgan ajrimlarning 213 tasi yoki 68,4 foizi avvalgi yillardagi qarorlar asosida rasmiylashtirilgan. Biroq joriy yildagi qolgan 419 ajrim bu boradagi ishlarni yana-da kuchaytirishimizni taqozo etadi.
Viloyatda oilalarni, uning qonuniy asoslarini mustahkamlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyat hokimligi, prokuraturasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, Ichki ishlar boshqarmalari, Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi hamda qator tashkilotlar hamkorligida Qoʻshma chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, bu boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Oilalarning ajralib ketish sabablari oʻrganilganda, 60,9 foiz holatda oilaviy kelishmovchilik, yaʼni er-xotin, qaynona-kelin, qudalar yoki kelin-kuyovning yaqinlari oʻrtasidagi kelishmovchilik, bir xonadonda 3-4 ta oilaning yashashi, ovsinlar oʻrtasidagi murosasizlik, 17,2 foiz holatda farzandsizlik, 12,9 foiz holatda uzoq vaqt birga yashamaslik, shuningdek, migratsiya, xiyonat, turmush oʻrtogʻining ichkilikka berilganligi singari qator sabablarga koʻra qayd etilgan.
Oilalar mustahkamligini taʼminlash, ajrimlarning oldini olishda jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, oilaviy ajrim masalasida murojaat etgan fuqarolar roʻyxati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga, mahallalarda ish olib borayotgan Yarashtirish komissiyalariga taqdim etib borilishi va ana shu oilalar bilan bevosita ish olib borish tartibi joriy etildi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda oilaviy ajrimlar yuzasidan koʻrilgan ishlarning aksariyatida jamoatchilik vakillari — xotin-qizlar qoʻmitasi, oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillari, imomlar, nuroniylar ishtirok etdi.
Ushbu tartib ijobiy samara berayotganligini oʻtgan yilgi natijalar ham yaqqol koʻrsatadi. Jumladan, oʻtgan yili ajrim masalasida Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaat qilgan 1 ming 999 ta, FHDYO idoralariga murojaat qilgan 396 ta oila jamoatchilik taʼsir choralari tufayli tiklandi.
“Mening mahallamda birorta ham oilaviy ajrim boʻlmasligi kerak!”, “Biz oilaviy ajrimlarga qarshimiz”, “Chorshanba – oilalarni mustahkamlash kuni” tadbirlari doirasida keng koʻlamli targʻibot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, jamoatchilik muhokamasi taʼsir qilmagan oilalar bilan sektor rahbarlari, yaʼni tuman, shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar boʻlimi, soliq idorasi boshligʻi bevosita ish olib borishi, muammo imkon qadar ijobiy hal etilishi yoʻlga qoʻyildi.
Oilaviy kelishmovchiliklarining asosiy omillaridan boʻlgan bir xonadonda 4-5 ta oila istiqomat qilishi inobatga olinib, ana shu oilalarni alohida uy-joy bilan taʼminlash maqsadida oʻtgan yili viloyatda 1 ming 400 ta arzonlashtirilgan loyihadagi uylar qurilib, ijtimoiy qiyin vaziyatda yashayotgan oilalarga, nogironligi bor fuqarolarga topshirildi.
Oilaviy ajrimdan eng avvalo, ayol, voyaga yetmagan goʻdaklar aziyat chekmoqda. Oilada kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, er ayolni farzandlari bilan ota uyiga joʻnatib yubormoqda. Oilasi buzilgan aksariyat erkaklar ayolining, farzandlarining moddiy taʼminoti, ruhiyati, tarbiyasiga ming afsuski, eʼtibor qaratmayapti.
Tahlillarga koʻra, turmushi buzilgan ayollarning 50 foizdan ortigʻi oʻrta hol yoki kam taʼminlangan, yashash sharoiti ogʻir oilalar farzandlari. Qizning ajralib, ota uyiga kelib qolishi oʻsha oilalardagi muammolarni yana-da koʻpaytirmoqda. Qolaversa, ajrashgan ayol farzandlarini boqish, uy-joy qilish ilinjida xorijiy davlatlarga ishlagani ketmoqda yoki yengil-yelpi, noqonuniy yoʻllar bilan pul topishga harakat qilmoqda. Bu albatta, odam savdosi, ayollar ishtirokidagi jinoyatlarning ortishiga, farzandlar tarbiyasiga, oilalardagi maʼnaviy muhit barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Ana shundan kelib chiqib, turmushidan ajragan ayollarning kafolatlangan uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, ularning, farzandlarining huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan ishlar yana-da kuchaytirilmoqda.
Ajrashib ketgan oilalarning salmoqli qismini yosh oilalar tashkil etadi. Yosh oila boshliqlari aksariyat holatlarda oilani mustaqil boshqarish, fikrlash, daromad topish salohiyatiga ega, kelinlarning esa oilaviy hayotga tayyor emasligi koʻrinib qolmoqda. Bundan tashqari, yosh oila hayotiga qaynona, qaynota va oilaning boshqa aʼzolari aralashuvi tufayli ham ajrashishlar qayd etilgan. Bu kabi holatlarni bartaraf etish, qolaversa, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida viloyatdagi umumtaʼlim maktablari va kasb-hunar kollejlari qoshida tashkil etilgan “Oilaga tayyorlash” xonalarida “Oilashunoslik”, “Oila psixologiyasi” darslarining muntazam oʻtkazib borilishi yoʻlga qoʻyildi. Dars mashgʻulotlari davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, malakali mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilmoqda.
FHDYO boʻlimlari qoshida tashkil etilgan “Kelin-kuyovlar innovatsion maktab”larida nikohlanuvchi yoshlar oila iqtisodi, huquqlari, sogʻlom turmush tarzi, milliy, diniy tarbiya yoʻnalishlarida 16 soatlik oʻquv dasturi asosida oʻqitib borilmoqda.
Viloyatdagi 882 ta mahalladagi “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik tuzilmasi, “Mustahkam oila maktabi”, “Yarashtirish komissiyasi” faoliyati kengaytirilib, mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, shuningdek, oilani mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish boʻyicha “Faxriylar ibrati” maslahat kengashlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mahallalarda ish olib borayotgan mutaxassislarga “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan oilalar bilan ish olib borish boʻyicha ishlab chiqilgan buklet va qoʻllanmalar yetkazib berildi.
Andijonda oilalarni mustahkamlash, oiladagi maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, ajrimlarning oldini olish borasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar albatta oʻzining ijobiy samarasini beradi, kelgusida oilaviy ajrimlar yana-da kamayishiga erishiladi.