Oilangiz farishtasini asrab avaylang
Ayol deganda dastavval ko‘z oldimizda onamiz, singlimiz, oilamizning farishtasi, saramjon-sarishta uy bekasi gavdalanadi.
Garchi ayolni zaifa atasakda, oilaning yukini ko‘tara olishga qodirligini barchamiz birdek e’tirof etamiz.
Keyingi paytlarda aksariyat ijtimoiy tarmoqlarda ayollarga nisbatan turli darajadagi zo‘ravonliklar ishlatilayotganligi haqidagi xabarlar ko‘payib qoldi.
Aslida oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar jabrini asosan ayollar ko‘radi. Bu ko‘plab ayollarning huquqlari toptalishiga, voyaga yetmagan farzandlarning yetim qolishiga, ota yoki onasiz voyaga yetishiga olib kelmoqda. Ayrim hollarda esa huquqi toptalgan, ruhan ezilgan ayollar o‘z joniga qasd qilayotgani ham bor gap.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 2021 yilning birinchi choragida oilaviy nizolar negizida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan 5 nafar shaxsga nisbatan 5 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. 3 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi, 2 nafar shaxsga nisbatan ishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan. Tugatilgan ishlarning barchasi JK 66-1-moddasi tartibida taraflarning yarashganligi sababli tugatilgan.
Jinoyatlar tahlil etilganda qasddan badanga turli darajada shikast yetkazish holatlari sodir etilganligini ko‘rish mumkin.
– 2021 yilning birinchi choragida jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning barchasi erkaklarni tashkil etgan, – deydi Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Aziza Ro‘ziyeva. – Ko‘rilgan ishlar bo‘yicha jami 8 nafar ayol jabrlangan.
Albatta, oiladagi notinchliklar endigina ulg‘ayib voyaga yetayotgan farzandlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘ylab ko‘ring, unib-o‘sib, balog‘at yoshiga yetayotgan farzand kun ora oilaviy janjallarni ko‘raversa, notinch muhitda voyaga yetsa, ertaga undan nimani kutish mumkin. U ham tez-tez asabiylashadigan, birovga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan, jamiyatdan norozi kayfiyatda ulg‘aymaydimi!?.
Ma’lumki, 2019 yilning 3 sentyabridan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi. Ushbu qonunning maqsadi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida hamda boshqa joylarda tazyiqlar va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan.
– Endilikda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilgani yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risida ariza bilan tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish huquqiga ega, – deydi viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Dildora Kattayeva. – Shuningdek, ular maxsus markazlarda, ishonch telefoni orqali bepul huquqiy maslahat olishlari, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishlari mumkin. Himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda ularni bu haqda xabardor qilish, sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy hamda ma’naviy zararni qoplash talabi bilan sudga murojaat etishlari ham mumkin. Sudga murojaat etganida ular davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘ylab har uchinchi ayol jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Bu esa ayollar huquqlarini yanada mustahkamlash, ularning huquqiy savodxonligini oshirishni talab etadi.
– Joriy yilning o‘tgan 5 oyi mobaynida 783 holatda xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berildi, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmasi katta inspektori Mahliyo Mirzayeva. – Hududlar kesimida himoya orderi so‘rab qilingan murojaatlarning eng ko‘pi Zarafshon shahrida 56 ta, Karmana tumanida 108 ta, Navbahor tumanida esa 50 tani tashkil etsa, eng kam murojaat Qiziltepa tumanida 8 ta, Tomdi tumanida esa 7 ta qayd etilgan. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 422 tasi ruhiy, 319 tasi jismoniy, 21 tasi tazyiq, 10 tasi iqtisodiy, 11 tasi jinsiy zo‘ravonlikdan iborat. Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida esa 585 ta oilaning yarashishiga erishilgan.
2021 yilning birinchi choragida oilaviy nizolar negizida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq 167 nafar shaxsga nisbatan 154 ta ma’muriy ish ko‘rilgan bo‘lib, shundan 72 nafar shaxsga nisbatan 65 ta ma’muriy ish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risida, 95 nafar shaxsga nisbatan 89 ta ma’muriy ish bo‘yicha ishni tugatish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
Ma’muriy sudlarda ko‘rilgan ishlar tahlil etilganda doimiy jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilgan holda huquqbuzarlik sodir etilgan hollar ham mavjud. Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudi tomonidan 2021 yil 19 yanvarda huquqbuzar F.Ya.ga nisbatan MJtKning 41-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rilgan.
– Sud majlisida jabrlanuvchi F.Sh. 2020 yil 25 dekabr kuni turmush o‘rtog‘i F.Ya. bilan Navbahor tuman “Beshrabot” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan yashash uyida gaplashib o‘tirib, tortishib qolganini, shu vaqtda turmush o‘rtog‘i F.Ya. uni o‘zidan-o‘zi haqorat qilganini, ushbu holat doimiy tarzda takrorlanishini ta’kidlagan, – deydi viloyat sudi Sud statistikasini tizimli tahlil qilish bo‘limi bosh konsultanti Xurshid Asomov. – Mazkur huquqbuzarlikning doimiy takrorlanib kelishi huquqbuzar F.Ya. doimiy yashab kelayotgan Navbahor tumani, “Beshrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va mas’ul xodimlarining oila ahvolidan xabardor emasligi, ular bilan muntazam profilaktika tadbirlari o‘tkazmaganligidan dalolat beradi.
Shuningdek, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning birinchi choragida 33 ta holatda er-xotin, aka-uka, opa-singillarning mol-mulk, yer va uy-joy talashishi oqibatida janjallar kelib chiqib, huquqbuzarliklar sodir etilgan.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi tomonidan 2021 yil 17 martda MjtKning 41-moddasi va 52-moddasi 2-qismi bilan opa-singillarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik ishi ko‘rib chiqilgan. Xatirchi tuman Binokor va Paraxun mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi opa-singillar mulkiy nizo sabab tortishib qolib, avvaliga bir-birlarini haqorat qilgan. So‘ngra, bir-birini urib, tan-jarohati yetkazgan.
Yana bir jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi tomonidan X.S.ga nisbatan ko‘rib chiqilgan.
Nurota tumani “Kattasoy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X.S. 2020 yilning 28 noyabr kuni soat 08:00 larda yashash xonadonida turmush o‘rtog‘i G.S. bilan pul ustida yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida G.S.ning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi har xil uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, uni qasddan urib tan jarohati yetkazgan.
O‘ylab ko‘rilsa, sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlar oilalarda bo‘lib turadigan kundalik oddiy mashmashalarday ko‘rinadi. Ammo ularning tub ildizi tahlil etilsa, yaqinlar, er-xotin o‘rtasida mehr-oqibatning kundan-kunga zaiflashib borayotgani, huquqiy madaniyatning yo‘qligi, mahalla faollari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining sustligi, natijadorligining pastligini anglatadi.
Shunday ekan, oilalar tinchligini saqlab qolish, jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holatlarga qarshi kurashishda barchamiz birdek mas’ul ekanligimiz, ayol, avvalo ona, opa, singil ekanlini unutmasligimiz lozim. Qolaversa, oiladagi munosabatlar ikki taraflama bo‘lib, erkak va ayolning o‘zaro moslashuviga asoslanishini unutmaslik kerak. Shundagina, ularga nisbatan o‘tkaziladigan tazyiq va zo‘ravonlik kamaysa kamayadiki, aslo ko‘paymaydi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA