“Oilamiz uchun ayni muddao bo‘ldi”
Markaziy saylov komissiyasining 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun 2024 yil 16-23 oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muddatidan oldin ovoz berish kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar davom etishi belgilangan.
Saylov kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Qashqadaryo viloyatidagi saylov uchastkalarida ham muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
Xususan, G‘uzor tumanidagi Davlat xizmatlari markazida joylashgan 119-saylov uchastkasida hozirga qadar o‘n nafardan ortiq saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi. Ulardan biri Xo‘jaguzar mahallasida istiqomat qiluvchi Shahlo Qo‘chqorova kelini Mahbuba Muhammadiyeva bilan kelib, ovoz berishda ishtirok etdi.

– Qonunchilikda muddatidan oldin ovoz berish tamoyili borligi bizning oilamiz uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi Sh.Qo‘chqorova. – Shahrisabz tumanida yashaydigan qudalarimiz to‘y boshlab qo‘ygan. Sal oldinroq borib, to‘yda xizmatda bo‘lishni mo‘ljallab turibmiz. Shuning uchun saylovda ertaroq qatnashaylik, dedik va o‘zimiz munosib deb bilgan nomzodlarga, partiyaga ovoz berdik.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri