“Oilam bag‘rida ishlab, daromad topyapman”
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Shuhrat Choriyev ko‘p yildirki, tirikchilik tashvishida chet davlatlarga qatnab, ishlab kelardi. O‘tgan yildan buyon bu yigit o‘z uyida, mahallasida ishlab, daromad topish harakatida. Hokim yordamchisi tavsiyasi asosida imtiyozli kredit asosida yuk ko‘taruvchi elektromototsiklga ega bo‘lgani unga qo‘l kelmoqda.
Bundan tashqari, hozir uning xonadoni og‘ilida 7 bosh echki va 10 boshdan ziyod tovuq parvarishlanmoqda. Shuningdek, qariyb 4 sotixli tomorqasida yerini yashnatib, erta bahordan kartoshka, bulg‘or qalampiri, baqlajon kabilarni ekib, yetishtirib kelmoqda. Hademay, yig‘ishtirib olinadigan kartoshka ham bir necha oyga ro‘zg‘ori ehtiyojini qoplaydi.
Muhimi, endi xonadon sohibi kechagi musofirlik sarsongarchiliklaridan qutilib, o‘z uyida, oilasi bag‘rida emin-erkin ishlab yuribdi. Darvoqe, yuk mototsikliga ham kunora tushayotgan buyurtmalarni bajarib, mahalladoshlari hojatini ham chiqarmoqda.

– Shu kungacha begona yurtlarda sarson-sargardon yurgandim, – deydi Shuhrat Choriyev. –Bugun oilam bag‘rida ishlab, daromad topyapman. Yurtimizda, mahallamda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Uzoq yurtlarda yurib, sarson-sargardon bo‘lishga hojat yo‘q. Buning uchun davlatimiz rahbarlariga rahmat. Meni qo‘llab-quvvatlab, barcha imkoniyatni yaratib berdi.

Shu mahallada yashovchi Ahmadjon Ortiqov ham shu paytgacha chet elga qatnab, duch kelgan ishni qilib, oilasini boqishga majbur bo‘lganlardan. Bir necha oydirki, bu yigit ham Qorovulbozordan chiqmasdan, o‘z mahallasida ishlab kam bo‘layotgani yo‘q. U ham hokim yordamchisi qo‘llab-quvvatlovi tufayli 30 million so‘m atrofidagi imtiyozli kredit mablag‘i evaziga 3 bosh yirik shoxli qoramolga ega bo‘ldi.

Birgina chora tufayli bir oila ta’minotiga daxldor muammo yechim topdi.
Hozir Ahmadjon oila a’zolari ko‘magida og‘ilxonasida novvos boqmoqda. Hademay, qoramollari yetilsa, go‘shtga topshirib, mo‘may daromadga ega bo‘ladi. Bu bilan cheklanib qolmagan xonadon ahli qo‘shimcha 40 boshdan oshiq tovuq va o‘rdak ham parvarish qilmoqda.

Ahmadjon Ortiqov hovli etagidagi tomorqasini ham obod qilib, shu kunda ro‘zg‘origa yetadigan sabzavotlarni yetishtirmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri