Oilalarda “yashil” iste’mol madaniyati
15 may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Oilalarda “yashil” iste’mol madaniyati va sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya vakillari, “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti xodimlari, o‘qituvchi hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Ekologik partiyaning maqsad-vazifalari, saylovoldi dasturida o‘rin olgan maqsadlar, ularning joylardagi ijrosi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda “yashil” iste’mol madaniyati va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning o‘rni” hamda “Yashil iste’mol va inson ongi: odatlarni o‘zgartirish psixologiyasi” mavzusidagi ma’ruzalar tinglandi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda tabiiy resurslarni asrab-avaylash, ekologiyaga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, tabiat-borliqni asrash eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. Buning uchun oiladan boshlab ekologik madaniyatni yuksaltirish, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida ekologiyani asrab-avaylash tuyg‘usini shakllantirish lozim.
Joriy yilgi Davlat dasturida ham ekologik tamoyillarni o‘zining kundalik hayotiga joriy etishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishganlarga «Ekofaol fuqaro» maqomini berish, oilaning barcha voyaga yetgan a’zolari «Ekofaol fuqaro» maqomini olganda, ushbu oilaga «yashil oila» maqomini berish hamda ularga har yili ochiq tanlov orqali 14 ta elektromobil berish vazifalari o‘z aksini topgan. Shuningdek, aholisining yarmi «yashil oila» maqomini olgan mahallalarda «Eng toza mahalla» va «Eng yashil mahalla» tanlovlarini o‘tkazish va g‘olib bo‘lgan mahallalar jamg‘armasiga mahallaning ichki infratuzilmasini yanada yaxshilash tadbirlarini moliyalashtirishga, xususan, yo‘llarni ta’mirlash, energotejamkor yoritish uskunalarini o‘rnatish, bolalar maydonchasini qurish, «yashil bog‘» yaratish va o‘rindiqlar o‘rnatish, chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, chiqindi qutilari va konteynerlarini o‘rnatishga 500 million so‘m ajratish vazifalari belgilangan.
Davra suhbatida yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA