Oilalar mustahkamligi prokuror nazoratida
Buxoro viloyati prokurori, adliya katta maslahatchisi Mahmud Istamov tashabbusi bilan 2-sektor shtabi huzurida xotin-qizlar huquqiy-psixologik markazi faoliyat yuritmoqda.
Markazda mutaxassislar tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning ajralish sabablari o‘rganilmoqda. Aniqlangan muammolar bartaraf etilib oilalar yarashtirilayotir.
Markazda joriy yilning o‘tgan davrida ajrim yoqasiga kelib qolgan 52 ta oilani yarashtirish choralari ko‘rilgan. Xotin-qizlarning 104 nafariga psixologik va 109 nafariga huquqiy maslahat berilgan.

2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida sektorda qabul qilingan jami 638 ta oilaning ajrim yoqasiga kelib qolish sabablari tahlil qilindi.
Jumladan, 16 ta oila farzandsizlik, 17 tasi yaqin qarindoshining aralashuvi, 19 tasi xiyonat qilgani, 38 ta holatda qizlarning uy bekasi sifatida uy-ro‘zg‘or yumushlarini bajara olmasligi, 43 ta iqtisodiy-moddiy sabablar, 75 ta holatda esa ichkilikka berilib mas’uliyatni unutib qo‘yish, 114 ta holatda yoshlarning oila va nikohga tayyorlanmay turmush qurishlari va qolgan 316 ta holatda uchinchi shaxsning (qaynona, qaynota va boshqalarning) aralashuvi natijasida turli ajrimlar kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA