Oilada baxt topmagan ayol – jamiyatda baxtli bo‘la olmaydi
Oramizdagi odamlar
Bank sohasi haqida gap ketsa, kishi hayoliga pul, hisob raqamda saqlanayotgan qimmatli qog‘oz va omonatlar keladi. Xodimlarining ishi esa pul sanashdan iborat, deb tushuniladi.
Bankning asosiy maqsadi pul va qimmatli qog‘ozlarni saqlash, kredit berish, bir so‘z bilan aytganda, yurt taraqqiyoti, iqtisodiyot rivojiga ko‘maklashuvchi, xalq manfaati uchun xizmat qiluvchi tuzilmadir.
Zulayho Jo‘rayeva 40 yilga yaqin bank sohasining turli lavozimlarida ishladi. Sohaning ozmi-ko‘pmi og‘ir-yengilini ko‘rdi. Ayni paytda ATB «Qishloq qurilish bank» qishloq qurilishini kreditlash departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritmoqda.
– Bank sohasi qiziq soha, – deydi Z.Jo‘rayeva. – Kirdingmi, chiqib keta olmaysan. Bu sohada ishlashni yoshligimdan astoydil xohlaganman. Orzularim ushalgach, sohada malakamni oshirishga kirishdim. Mana bugun bank hayotimning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan. Kasbimga qanchalik mehrim baland bo‘lsa, ish joyimni ham shunchalar yaxshi ko‘raman. Menda hech qachon jamoani tashlab ketib, boshqa bankka ishga o‘tish fikri bo‘lmagan. Yosh edim, oylik kam edi, boshqa sohalardan ko‘p takliflar bo‘lardi. Ammo ishimni o‘zgartirishni, boshqa ishda ishlashni tasavvur ham qilmaganman. Bankimiz tugatilib, yangidan tashkil etilgandan so‘ng boshqa ishga o‘tganman.
Z.Jo‘rayeva 1959 yil Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv qishlog‘ida tavallud topgan. 1982 yil Toshkent politexnika institutini, 2002 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. Sohadagi ilk faoliyatini 1982 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bankining kapital qurilish va material-texnik ta’minlash boshqarmasida injener lavozimidan boshlagan. Turli yillarda RATB “Fallabank» Yunusobod filialining kredit-reja bo‘limi boshlig‘i, shu filial boshqaruvchisi, Toshkent viloyat mintaqaviy filiali boshqaruvchi o‘rinbosari, Toshkent shahar mintaqaviy filiali boshqaruvchi o‘rinbosari - Kredit amaliyoti bo‘limi boshlig‘i, OATB «Qishloq qurilish bank» ko‘chmas mulk va kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i, qishloq qurilishini kreditlash departamenti boshlig‘i kabi lavozimlarda ishlagan. Sohadagi halol va sadoqatli mehnati uchun 2017 yil «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
– Oilasi qo‘llamagan ayol jamiyatda baxtli bo‘la olmaydi, o‘z o‘rnini topolmaydi, –deydi Z.Jo‘rayeva. – Turmush o‘rtog‘im ziyoli oilada tug‘ilgani, o‘zi ham o‘qimishli bo‘lgani uchun ham ishlab, ham farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishimga ko‘ngan. Meni har qadamda qo‘llab, ruhlantirib turgan. Yutuqlarimdan men bilan birga quvonardi. Turmush o‘rtog‘im baxtsiz hodisa tufayli olamdan o‘tdi. O‘rni bilinadi, albatta. Ammo taqdir ekan. Uch qizim bugun turli sohalarda, ikki nafari shifokor, yana biri esa bank sohasida ishlaydi.
Dilobar Mamatova, O‘zA