Oilada ahillik bo‘lsa, jamiyat mustahkam, farzandlar baxtli bo‘lishadi
Oila — inson kamol topadigan, mehr-oqibat, sadoqat va mas’uliyat tuyg‘ulari shakllanadigan muqaddas maskan. Uning tinchligi va barqarorligi nafaqat bir xonadon, balki butun jamiyat osoyishtaligi va kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Bugun mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan oila qadriyatini asrash, ajrimlarning oldini olish, muammoli oilalar bilan manzilli ishlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida Qorako‘l tumanida viloyat sudi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida “Oila — jamiyat tayanchi, ma’naviyat beshigi va avlodlar o‘rtasidagi uzviylik ramzidir” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudiga nikohdan ajratish masalasida murojaat qilgan er-xotinlar, ularning ota-onalari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv oddiy muloqotdan ko‘ra, oilalar taqdiriga daxldor jiddiy masalalarni muhokama qilish, muammoning ildiziga yetib borish va eng muhimi, parokanda bo‘lish arafasida turgan xonadonlarni saqlab qolishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbir davomida er va xotinning oila oldidagi huquq va majburiyatlari, farzandlar tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati haqida atroflicha fikr almashildi. Oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, ko‘p hollarda o‘zaro ishonchsizlik, bir-birini tushunmaslik, muammoni muloqot orqali hal qila olmaslik, shuningdek, oilaviy hayotga uchinchi shaxslarning asossiz aralashuvi salbiy oqibatlarga olib kelishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda viloyatda joriy yilning to‘qqiz oyi davomida ajralish yoqasiga kelib qolgan va nizolashayotgan oilalar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tahliliy ma’lumotlar ham taqdim etildi. Bu raqamlar ortida esa oddiy statistika emas, balki taqdiri, orzusi va kelajagi bir oilaga bog‘liq bo‘lgan insonlar hayoti mujassam ekani alohida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi buyurtmasiga asosan suratga olingan, hayotiy voqealar aks etgan “Farzand omonat” qisqa metrajli filmi namoyish etildi. Nikohdan ajralish ortida qoladigan farzandlar taqdirini ta’sirchan tarzda yoritgan film ishtirokchilarni chuqur mulohazaga chorladi.
Uchrashuvning eng ta’sirli jihati esa mas’ullar tomonidan ajrim yoqasiga kelib qolgan har bir oila bilan alohida, ochiq va samimiy suhbatlar o‘tkazilgani bo‘ldi. Muammolarga umumiy yondashuv emas, balki har bir xonadonning o‘ziga xos holatidan kelib chiqib yechim izlandi. Natijada 17 ta oilaning o‘zaro yarashishiga erishildi.

Bugun oilani saqlab qolish uchun qilingan har bir harakat ertangi kunga qo‘yilgan sarmoyadir. Chunki farzand mehr bor xonadonda ulg‘aysa, uning qalbida ishonch, hayotga munosabatida mas’uliyat, kelajakka qarashida ezgulik ustuvor bo‘ladi.
Shu bois ajrimni oxirgi chora sifatida ko‘rish, kelishmovchilikni murosa va muloqot bilan hal etish, kattalarning yosh oilalar hayotiga aralashuvida me’yorni saqlash, eng muhimi, har bir qarorda farzand manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish bugun har qachongidan ham dolzarb.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri