Oila – nafaqat mehr, balki sabr qo‘rg‘onidir
15 may – Xalqaro oila kuni mamlakatimizda ham keng nishonlanmoqda. Sana munosabati bilan poytaxtimizdagi namunali oilalardan birida bo‘lib, uch nafar oliy ma’lumotli farzandning otasi, 5 nafar nabiraning bobosi Normurod Avazov bilan suhbatlashdik.
– Oila – jamiyatning kichik, ammo muhim yacheykasi, - deydi Alfraganus universiteti Sharq filologiyasi fakulteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Normurod Avazov. – O‘z navbatida, oila muqaddas muqaddas maskan hisoblanishi bizga ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadriyatdir. Umuman, bu kichik qo‘rg‘on nafaqat mehr, balki sabr qo‘rg‘onidir.
Aytib o‘tish kerakki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yil 20 sentyabrdagi Xalqaro oila yili to‘g‘risidagi rezolyutsiyaga muvofiq, 1994 yil 15 maydan Xalqaro oila kuni dunyo bo‘ylab nishonlanadi.
Prezidentning 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, har yili Xalqaro oila kuni sifatida respublika bo‘ylab keng nishonlash belgilandi.
Mamlakatimizda oilalar barqarorligi, farovonligi yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar muntazam ravishda davlat muhofazasida.
Oilalar barqarorligi, albatta, eng avvalo, oila a’zolariga bog‘liq. Shu ma’noda qahramonimiz oilasining xotirjamligi va baxtiyorligida ayoli, farzandlari bilan doim hamjihat bo‘lgani muhim o‘rin tutganini ta’kidlaydi. O‘zaro mehr-oqibat, qiyinchilik paydo bo‘lganda sabr-qanoat bilan kurashish, muvaffaqiyatlar kaliti bo‘lib kelgan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, oilada ota-ona farzandlar uchun muhim ibrat maktabini o‘taydi. Buni har bir ota-ona his qilishi, zimmasidagi mas’uliyatni ado etishi kerak.
O‘zA