Oila muqaddas, uni asrash har kimning o‘z qo‘lida
Karmana tumanidagi Yangiobod mahallasida Navoiy viloyat sudi hamda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyalari, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, mahalla xotin-qizlar faollari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Yangiobod, Uyrot, Ayronchi mahallalaridan ajrim yoqasiga kelib qolgan 10 ga yaqin oila vakillari bilan suhbatlashildi.
– Dastavval ularning jahlga erk berib, faqat o‘zining tinchini o‘ylagan holda oilasi, farzandlari ham ko‘ziga ko‘rinmay qolgan er-xotinlarning oilasiga intilish hissiyotini uyg‘otish maqsadida “Farzand omonat” video roligi namoyish etildi, – deydi Navoiy viloyat sudi sudyasi Ibodat Shoymardonova. – Maqsadimiz bitta – ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning mustahkamligini ta’minlash yo‘li bilan jamiyatimiz rivojlanishiga hissa qo‘shish. Shuningdek, bolalarni tirik yetimlik tamg‘asidan saqlash, o‘z ota-onasi bilan birga, bitta uyda yashash, ular mehrini, parvarishini, tarbiyasini to‘laqonli his etib, mukammal inson bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash ulkan mas’uliyat ekanligi ta’kidlandi.

Videorolik namoyishidan so‘ng guruh a’zolari ikkiga bo‘lingan holda har bir er-xotin juftligi bilan alohida-alohida suhbat o‘tkazilib, ularning dardi va muammolari birma-bir eshitildi.
Uchrashuv so‘nggida 2 ta oila yarashgan bo‘lsa, 5 ta oila o‘ylab ko‘rishi uchun vaqt kerakligini ma’lum qildi. Afsuski, 2 ta oila ajrashish uchun qilgan qarorlari qat’iy ekanligini bildirdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri