Oila maskani – kasb, bandlik va farovon hayot sari
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimligining ijtimoiy buyurtmasi asosida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oila maskani - kasb, bandlik va farovon hayot sari” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish va oilalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashdir. Bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihalar insonlarning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishiga amaliy sharoit yaratmoqda.
Loyiha doirasida Karmana tumanidagi 39 ta mahallada ishsiz va ijtimoiy ko‘makka ehtiyoji bo‘lgan xotin-qizlar hamda yoshlarni aniqlash va ularni aniq manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu maqsadda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, Ijtimoiy himoya yagona reyestri, bandlik organlari ma’lumotlari va mahalla tavsiyalari asosida 156 nafar ishtirokchini loyihaga jalb etish ko‘zda tutilgan.

– Ishtirokchilarning qiziqishi, qobiliyati va mehnat bozoridagi talab o‘rganilib, ular 10 ta kasbiy yo‘nalish bo‘yicha uch oylik nazariy-amaliy kurslarga jalb etiladi, – deydi “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari Gulhayo Ravshanova. – Mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish uchun o‘quv xonalarini kompyuter texnikasi, amaliy uskunalar va zarur materiallar bilan jihozlash, malakali murabbiy va amaliyotchi mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan. Loyihaning maqsadi faqat kasb o‘rgatish emas. Asosiy vazifamiz egallangan kasbni daromad manbaiga aylantirish. Shuning uchun ishtirokchilarga tadbirkorlik asoslari, biznes-reja tuzish, moliyaviy savodxonlik, marketing va mahsulotlarni sotish bo‘yicha amaliy bilimlar ham beriladi. Bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun Karmana tumanida 4 marotaba ko‘rgazma-savdo yarmarkalari va “Mahsulotlar festivali” tashkil etiladi. Mahalliy savdo nuqtalari hamda onlayn savdo kanallari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ishtirokchilarning tayyor mahsulotlarini bozorga olib chiqishiga yordam beramiz.

Amaliyotga yaqinlashtirish maqsadida ishtirokchilar “Hazora tekstil”, “Asl orzu non va non mahsulotlari”, “Asadbek” MCHJ kabi tadbirkorlik sub’ektlariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan bevosita tanishadi. Bunday yondashuv kasb o‘rganayotgan yoshlar va xotin-qizlarga nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
Loyihada oilaning iqtisodiy barqarorligi bilan bir qatorda, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalasi ham qamrab olingan. 64 nafar nikoh yoshidagi yoshlar va yosh oilalar uchun oila psixologiyasi, oilaviy byudjet, iqtisodiy rejalashtirish, mas’uliyatli ota-onalik, xotin-qizlar huquqlari hamda tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga bag‘ishlangan treninglar o‘tkaziladi.
Loyihaning bandlikka yo‘naltirilgan choralari esa ishtirokchilarning ehtiyojidan kelib chiqib belgilangan. Jumladan, 51 nafar bitiruvchiga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatini boshlash va mustaqil daromad manbaini yaratishda yordam beriladi. Oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 36 nafar bitiruvchi zarur xomashyo bilan ta’minlanib, uy sharoitida daromad keltiruvchi faoliyatni yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashiladi.

Shuningdek, 48 nafar ishtirokchi uchun individual biznes-rejalar ishlab chiqilib, ular imtiyozli kreditlar va davlat tadbirkorlik dasturlariga yo‘naltiriladi. Yana 21 nafar bitiruvchini tumandagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish va ishga joylashtirish choralari ko‘riladi.
Loyiha doirasida har bir ishtirokchi uchun ularning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqadigan holda yondashiladi. Kimgadir kasb o‘rgatiladi, kimgadir o‘zini o‘zi band qilishda yordam beriladi, yana birovga xomashyo yoki biznes-reja zarur bo‘lsa, boshqasi munosib ish o‘rniga yo‘naltiriladi.
E’tiborli jihati, yordam bandlik bilan yakunlanmaydi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlagan va ish bilan ta’minlangan bitiruvchilarning keyingi 6 oy davomidagi faoliyati monitoring qilinadi. Ularning duch kelayotgan muammolari o‘rganilib, zarur hollarda amaliy maslahat va ko‘mak ko‘rsatiladi.

Loyiha ijrosining samaradorligini ta’minlash maqsadida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, hamkor tashkilotlar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuziladi. Taqvim ish rejasi va chora-tadbirlar ijrosi muvofiqlashtirilib, ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi hamda natijalarning ochiqligi muntazam monitoring qilib boriladi.
Taqdimot yakunida manfaatdor tashkilotlar vakillari tomonidan loyihaning kelgusi bosqichlari, hamkorlik mexanizmlari va belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri