Oila baxti — millat saodati
Yurtimizdagi yangilanish jarayonlarida oilalarni faol qo‘llab-quvvatlash, ayol-qizlarni o‘ylantirayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, yoshlarning oila oldidagi mas’uliyatini tobora kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan oilalar manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Joylarda ayollarni o‘ylantirayotgan masalalar tahliliga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Har yili 15-may sanasida dunyo ahli Xalqaro oila kunini nishonlaydi. Bizning yurtimizda esa bu taomil har qachongidan ko‘ra keng qamrovli shaklda — “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi bilan yanada teran mazmun kasb etadi.
Qadriyatlarimizni bezaydigan an’analar bor — dasturxon atrofida aytiladigan duolar, nuroniylarimizning bebaho o‘gitlari, bolalarning beg‘ubor kulgilari, kelinlarning tavoze bilan salom berishlariyu, non hidi, o‘smayu rayhon ifori taralib turadigan orasta hovlilar — bularning barchasi bir qarashda oddiy manzaradek tuyuladi. Ammo aslida aynan shu oddiylik ichida millatning eng katta ma’naviy xazinasi, jamiyatning eng mustahkam tayanchi mujassam.
Xalqimiz “Oila tinch — yurt tinch”, deb bejiz aytmagan. Bu hikmatda avloddan avlodlarga o‘tib kelayotgan hayotiy tajriba, donishmandlik bor. Oilada mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va mas’uliyat ustuvor bo‘lsa, jamiyatda ishonch muhiti mustahkamlanadi. Aksincha, bir xonadondagi nosog‘lom muhit bola tarbiyasiga, mahalla kayfiyatiga, ijtimoiy munosabatlarga va eng muhimi, ertangi kunga ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois, Yangi O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirilgan strategik vazifadir. Tarixdan ma’lumki, oilalari mustahkam xalq buyuk, hamisha baxtiyordir. Shu hayotiy haqiqatdan kelib chiqib, oilalarni qo‘llab-quvvatlash, qadriyatlarni mustahkamlashga oid ko‘plab dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Yosh oilalar uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar, ijtimoiy yordamlar va turli imtiyozlardan samarali foydalanmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlangan oila daxlsizligi tamoyili, sohada qabul qilinayotgan qonunlar, Prezidentimiz farmon va qarorlari hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bu boradagi islohotlarning mustahkam huquqiy poydevorini yaratmoqda.
Shu ma’noda, Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayoni asosida e’lon qilingan “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi ham ayni mazkur tizimli yondashuvning yana bir muhim halqasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mazkur oylikda belgilangan tadbirlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari hamkorligida kompleks tarzda tatbiq etilib, har bir xonadonga fayz, har bir oilaga barqarorlik, har bir insonga munosib hayot ulashish — yagona strategik maqsadga yo‘naltirilmoqda.
Yurtimizdagi 10 milliondan ziyod oila — bu 10 milliondan ziyod tarbiya maskani, kelajak egalari voyaga yetayotgan ulkan maktab. Hududlarda o‘tkazilayotgan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanloviga ishtiyoq bilan ishtirok etayotgani, yil sayin ishtirokchi oilalarning soni ortayotgani aholi o‘rtasida ibratli oila bo‘lish har bir xonadonning orzusi va maqsadiga aylanganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Tanlovda qatnashayotgan oilalar kitobxonlik, hunarmandchilik, tadbirkorlik, tibbiy madaniyat, tomorqachilik hamda farzand tarbiyasida namuna ko‘rsatganlari uchun e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Mazkur oyda «Ibratli oila» ko‘krak nishonlarini topshirish ezgu an’anaga aylanib ulgurdi. O‘tgan yili ushbu mukofotga 2 mingta fayzli xonadon sazovor bo‘lgan bo‘lsa, joriy 2026-yilda yana 2 mingta oila bu sharafli unvonga muyassar bo‘lmoqda. Xonadonlar eshigini bezab turgan bu nishonga ko‘zi tushgan har qanday inson ko‘nglidan o‘z oilasi ham bu sharafga munosib bo‘lishi uchun harakat qilishdek ezgu niyat kechadi.
Oilani oila qilib turgan kuch albatta, ayoldir. Shu ma’noda joriy yilda 351 nafar fidoiy ayol “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ta’lim dargohlarida, shifoxonalarda, ilmiy laboratoriyalarda, madaniyat muassasalarida, ovul-u qishloqlarda mehnat qilayotgan bu opa-singillarimiz o‘z kasbiy mahorati bilangina emas, oilaviy hayotlaridagi fidoyiligi, farzandlariga bergan tarbiyasi bilan ham elga manzur bo‘lmoqda.
Endigina oila degan muqaddas qo‘rg‘on bunyod etishni maqsad qilgan yoshlarimiz uchun tashkil etilayotgan “Eng namunali yosh oila” tanlovi yosh oilalarni ham moddiy, ham ma’naviy rag‘batlantirish mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi. Xuddi shu niyatu maqsad bilan “Yangi O‘zbekistonning ibratli harbiy oilalari” ko‘rik-tanlovi orqali Vatan himoyachilari oilalaridagi sadoqat, sabr-matonat va birdamlik namunalari keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Oylik doirasida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda.
Nazariy izlanishlar amalda aks etishi uchun “Farovon oila” dasturi ishlab chiqildi. Bu dastur oila a’zolarining ma’naviy-axloqiy farovonligini ta’minlash, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, huquqiy va ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan konseptual hujjatdir. Unda mas’uliyatli ota-onalik, reproduktiv salomatlik, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Dastur BMTning tegishli konvensiyalari, Barqaror rivojlanish maqsadlari va xalqaro mehnat standartlari bilan hamohang. Bu esa yurtimizda oila isntitutini mustahkamlash siyosati jahon andozalari darajasida olib borilayotganidan dalolat.
Yana bir ezgu tashabbuslardan biri: “Saodatli oilalar sayli”da uch avlod vakillari birga yashayotgan xonadonlar, keksalik ziynatini saqlab, kelin-kuyovlarga o‘git berayotgan nuroniylar, yosh oilalar hamda mahalla faollari bir dasturxon atrofida to‘planib, oilaviy totuvlik, sabr-qanoat, kelin-qaynona munosabatlari kabi mavzularda samimiy muloqot qurishadi.
Tarbiyaviy tadbirlar tarmog‘i keng. “Oila — muqaddas qo‘rg‘on”, “Oilaviy an’analar — ma’naviy meros”, “Ota va ona — oila tayanchi”, “Farzand tarbiyasi — kelajak poydevori” kabi mavzulardagi davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar hududlarda muntazam o‘tkazilmoqda.
Ma’naviy kamolot kitobdan, mutolaadan boshlanadi. “Kitobxon onalar kuni” loyihasida tashkil etilayotgan adabiy uchrashuvlar, oilaviy mutolaa kechalari inson qalbini boyitadi, tafakkurini kengaytiradi. Oilada kitobxonlik muhitining hukm surishi uchun xizmat qiladi.
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Ayollar sport olimpiadasi”, oilaviy yugurishlar, shaxmat, shashka, stol tennisi va boshqa musobaqalar yuzlab, minglab xotin-qizlarni birlashtirdi. Xotin-qizlarni jismoniy faollikka jalb etish sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning birlamchi omili sifatida qaralmoqda.
Yana bir muhim masala — oilada otaning tarbiyadagi ishtiroki. Zamonaviy oilada ota faqat boquvchi, ona esa faqat tarbiyachi degan bir yoqlama qarash yetarli emas. Farzand tarbiyasida ota ham, ona ham faol va mas’ul bo‘lishi kerak. Bola otaning mehnatini, onaning mehrini, ular o‘rtasidagi hurmatni, birgalikda qaror qabul qilish madaniyatini ko‘rib ulg‘aysa, kelajakda o‘zi ham sog‘lom oila qurishga tayyor bo‘ladi. O‘zgarmas qoidalarning eng sodda yig‘indisi — shu.
Mana shu kabi hayotiy ehtiyojlar, zamonaviy chaqiriqlar va amaliy tajribalar oila siyosatida yanada tizimli, uzoq muddatli va ilmiy asoslangan yondashuvni taqozo etadi. Shu ma’noda, 2026-2036-yillarga mo‘ljallangan “Farovon oila” konsepsiyasi loyihasining ishlab chiqilishi mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash borasida yangi bosqich boshlanayotganini ko‘rsatadi. Bu hujjat oilani faqat ijtimoiy himoya ob’ekti sifatida emas, balki jamiyatning ma’naviy, iqtisodiy, demografik va madaniy barqarorligini ta’minlovchi mustaqil ijtimoiy institut sifatida e’tirof etadi.
Konsepsiyada oila qonunchiligini takomillashtirish, oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, mas’uliyatli ota-onalikni qaror toptirish, reproduktiv va psixoemotsional salomatlikni mustahkamlash, bolalar uchun xavfsiz va rivojlantiruvchi muhit yaratish kabi ustuvor vazifalar qamrab olingan. Eng muhimi, bu yondashuv oilaviy muammolarga faqat oqibat yuz berganidan keyin emas, balki ularni barvaqt aniqlash va oldini olish orqali javob berishni nazarda tutadi.
“Farovon oila” tushunchasi faqat moddiy ta’minlanganlik bilan cheklanmaydi. U har bir oila a’zosining qadr-qimmati, xavfsizligi, rivojlanish imkoniyati, o‘zaro hurmat, ishonch, birgalikdagi mas’uliyat va g‘amxo‘rlik asosida qurilgan munosabatlar tizimini anglatadi. Bu milliy qadriyatlarni zamonaviy ijtimoiy ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirish, oilani “saqlab qolish” tushunchasini uning a’zolari baxti, salomatligi va xavfsizligi bilan bog‘liq holda talqin etish demakdir.
Boshqacha aytganda, “Farovon oila” modeli muammosiz ideal oilani emas, balki hayot sinovlariga bardosh bera oladigan, qiyinchiliklarni yengish uchun bilim, ko‘nikma, ichki resurs va tashqi qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgan oilani nazarda tutadi. Davlat bu jarayonda oila o‘rnini bosmaydi, balki uning mustaqil qaror qabul qilishi, qadriyatlarini asrashi, farzandlarini sog‘lom va ma’rifatli qilib tarbiyalashi uchun zarur sharoit yaratadi. Oilalar farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi “Daromadli ayol” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Bugungi har bir islohotning markazida inson va uning qadri turibdi. Inson esa oilada tug‘iladi, oilada ulg‘ayadi, oilada shaxs bo‘lib kamol topadi. Demak, oila baxti — millat baxti. Bu baxtni asrab-avaylab kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish eng katta mas’uliyatdir.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.