“Oila a’zolarim hamisha, har ishda menga ishonch bildirgan”
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ilm olishi, mehnat qilishi, jamiyat hayotida faol ishtiroki, huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yangicha mazmun kasb etmoqda.
Har yil 11 oktyabrda butun dunyo bo‘ylab Qizlar kuni keng nishonlanadi. BMT Bosh Assambleyasining 2011 yil 19 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan 11 oktyabr – “Xalqaro qizlar kuni” (International day of the Girl Child) deb e’lon qilingan.
Mazkur sana munosabati bilan dunyoning “TOP-100” talik reytingidan joy olgan Buyuk Britaniyaning Glazgo universiteti magistraturasida tahsil olayotgan vatandoshimiz Muxlisa Mamajonova bilan telefon orqali suhbatlashdik.
– Dunyoga kelishim ota-onam uchun katta quvonch bo‘lgan, – deydi Muxlisa. – Ta’lim olishim, maqsadlarimga erishishim va hatto xorijga o‘qishga ketishimga ham hech qachon cheklovlar bo‘lmagan. Demoqchimanki, oila a’zolarim hamisha, har ishda menga ishonch bildirgan. Ularning o‘zlari ham oliy ma’lumotli insonlar. Biz farzandlarining o‘qib, qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan.

Farzand tarbiyasi, oila farovonligi hamda millatning tayanchida ayolning o‘rni bekiyos. Ayniqsa, ayol o‘qimishli bo‘lsa, ilmli kelajak tarbiyalanishidan darak. Axir, bitta o‘g‘il bolaning ta’lim olgani bitta oilaning farovonligiga hissa qo‘shsa, bitta qizning o‘qigani butun jamiyatning yuksalishiga xizmat qiladi. Kelajak avlod, ya’ni farzand tarbiyalashda ona ham otadek katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Bir narsaga ko‘p guvoh bo‘laman: dunyo mamlakatlarida talabalarning katta qismi qizlardan iborat. Yevropadagi kompaniyalarda xotin-qizlarning o‘rni boshqacha. O‘qimishli ayol iqtisodiy qaramlikka uchramaydi. O‘zbekistonda ham xotin-qizlarning bilim olishi, faoliyat yuritishi uchun katta qulayliklar berilgan. Xorijdagi ko‘pchilik do‘stlarim mamlakatimizdagi yoshlarga berilgan imkoniyatlarni eshitib, hayratga tushadi. Ha, bugungi rivojlangan davrda biz yoshlarga qaratilgan e’tibor benihoya cheksizdir. Har bir yosh avlod o‘qishi, izlanishi va bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib qo‘yilgan.
Aynan o‘zim ham shu imkoniyatlar va e’tibor sabab quvonarli natijalarga erishdim. Xususan, 2018 yilda “Oxford Brookers”ning “International school of finance and technology” nodavlat ta’lim muassasasida bilimimni oshirdim. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ta’lim oldim. “Respublika lider qizlar” festivali g‘olibi va “Qizlar ovozi” III Pyespublika forumi ishtirokchisiga aylandim.
Keyingi to‘rt yil davomida AQSH, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Polsha kabi yigirmadan ortiq davlat tomonidan o‘tkazilgan turli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va tanlovlarda ishtirok etib, qirqqa yaqin xalqaro sertifikat va diplom oldim.
2021 yil “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. 2022-2023 o‘quv yili uchun Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. “Kapalakjon, kapalak” nomli she’riy to‘plamim chop etildi. Ingliz tili bo‘yicha test natijasi – IELTS baholash mezonida 6,5 ball ko‘rsatkichga ega bo‘ldim, xalqaro TESOL/TEFL sertifikatini qo‘lga kiritdim. 2022 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini oldim. “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiyasi g‘olibiga aylandim. Ayni damda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosiman.
Uzoqda bo‘lsamda, har daqiqada ota-onamning mehrini his etib turaman. Fursatdan foydalanib, maqsadlarimga erishishimda umrini, beqiyos xizmatlarini bag‘ishlagan ota-onamga, menga ishonch bildirgan davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA