Ohangaronga Niderlandiyadan naslli mollar olib kelinmoqda
Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga Niderlandiyadan 61 bosh naslli qoramol olib kelindi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga Niderlandiyadan 61 bosh naslli qoramol olib kelindi.
Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati maʼlum qilmoqda. Qayd etilishicha, naslli mollar tumandagi qoramolchilikka ixtisoslashgan “Qurama qorabayirlari” masʼuliyati cheklagan jamiyati tashabbusi bilan olib kelingan va shu oyning oxiriga qadar chet eldan yana 600 bosh zotdor qoramol olib kelish rejalashtirilgan.
41 milliard soʻm qiymatga ega boʻlgan ushbu loyiha asosida qoramolchilikka asoslangan kompleks barpo etilib, yiliga 9 ming tonna sut, 86 tonna goʻsht yetishtirish koʻzda tutilgan.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-oktyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, tumanda 23 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, shundan 13 tasi qoramolchilikka ixtisoslashgan. Mazkur loyihalar doirasida tumanga 44 ming 500 bosh qoramol olib kelinishi belgilangan.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida tuman chorvadorlari tomonidan 10 ming 528 tonna goʻsht, 98 ming 115 tonna sut, 180 tonna jun yetishtirish imkoni tugʻiladi. 1 ming 700 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Shuningdek, ozuqa bazasini rivojlantirish maqsadida mazkur loyihalarga 7 ming 683 gektar sugʻoriladigan yer maydoni, 55 ming 810 gektar lalmi, pichanzor va yaylovlar ajratiladi.