Ogʻriqli xatoga achchiqli soʻroq!
Bir zarra koʻyidan toʻlgʻonar falak,
Bir zarra koʻyidan toʻlgʻonar falak,
Bir zarra koʻyidan oʻzgarar osmon.
Bir zarra koʻyidan olamda xadik,
Bir zarra koʻyidan boʻzlar olamon.
Bir zarra vujudni quchar sharpaday,
Bir zarra vahmidan bedormiz yo, Rab.
Bir zarra nafratga aylangan kunda -
Dunyoning ishlari gʻaribdan-gʻarib.
Bunda tabiblarim choralar izlar,
Iqbolin istagan bemor boshida.
Shu lahza uzlatdan chekingin gʻubor,
Barcha ohlar ojiz Xaqning qoshida!
Bunda eʼtiqodning yoʻllari ravon,
Bunda koʻngillarni bosadi titroq.
Oqibat bilmagan jumlai jahon,
Ogʻriqli xatoga achchiqli soʻroq!
Ey dilki, qalb bilan dilni tozartkin?!
Ulugʻlar aytgandek, qoʻllagay Maʼvo.
Koʻngil oynasini har damda artgin,
Zarralar mavh boʻlgay yoʻllardir ravo!
* * *
Ruhimni opichlab, arsh koʻshkida,
Dilimni yordim, toʻkildi hasrat.
Boʻgʻzimda qotgan umidvor vido -
Rahim qil Xudo, oʻzing ber ragʻbat!
Kechalar kechmishi oʻtar lahzada,
Har xato ortidan gunohlar yangi.
Oʻkinchlar tosh qotgan yuraklar zada,
Umrga quvonch ber, oʻpayin tongni?!
Dunyo qizgʻonadi mendan jomini,
Dunyo sharobidan toʻkilar ohlar.
Dunyo hayratlardan toʻzgʻib yotganda -
Qalblarni bezaydi o, mudhish dogʻlar.
Nafsim kirlanadi ichaman visol,
Iblis qah-qah ura oʻtadi shodon.
Lahzada lazzatdan toʻkillar zavol,
Oh dardim, koʻz yoshga achinmas vijdon.
Asrni qaritar yillar toʻfoni,
Xazonga burkanar oshiqlik titroq.
Bunda hayo bezar chirkin dunyoni,
Bunda barcha ohning oʻtmishi firoq.
Umrni sarf etdim, chopdim, yetmadim,
Dil koʻshkin unutdim, qilmadim toqat.
Bul gʻamnok nafsning niyati qadim,
Koʻksimni yoritar Haq ishqi faqat!
Xayrulla Xoltoʻrayev