Odil sudlov taraqqiyotga xizmat qiladi
bugungi kunda sud-huquq tizimida olib borilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar, odil sudlov jarayoni aholida sudlarga bo‘lgan ishonchning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, iqtisodiy sudlarning ish faoliyati ham iqtisodiyot sohasida odil sudlovni amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan holatlarni bartaraf etishga qaratilmoqda.
Navoiy viloyati iqtisodiy sudlari tomonidan 2020 yilda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan holatlarni bartaraf etishga qaratilgan 560 ta nizoli ish ko‘rilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi. Tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan 475 ta da’vo ariza qanoatlantirilib, ularning foydasiga 41 milliard. so‘mdan ortiq mablag‘larni undirish haqida sud qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan asossiz kiritilgan da’vo arizalarning 159 tasi qanoatlantirish rad etilib, ularning huquqlari buzilishining oldi olindi.
“B-Z” mas’uliyati cheklangan jamiyati (firma nomi qisqartirilgan) chet el kompaniyasi bilan tuzilgan kontrakt shartiga asosan import qilingan mahsulotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqdangan Nizomning 27-bandida belgilangan muddatlardan 180 kungacha kechiktirilganligi sababli nazorat qiluvchi organ tomonidan javobgarga nisbatan sudga ariza bilan murojaat qilinib, kechiktirilgan kun uchun 4 ming 500 AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ining 10 foizi, ya’ni 450 AQSH dollarining Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan kurs (10.364,48) bo‘yicha 4 million 664 ming 16 so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash so‘ralgan.
– Birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish jarayonida arizada keltirilgan dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topganligi bois arizachining moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi arizasi asosli bo‘lib, moliyaviy jarimani qo‘llash lozim bo‘lgan, – deydi Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sherzod G‘ofurov. – Biroq ishni ko‘rish jarayonida iqtisodiy sud tomonidan tadbirkorga bir necha marotaba imkoniyat berilganidan so‘ng javobgar tomonidan import kontrakti bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilgan. Moliyaviy jarimani qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish paytiga kelib, valyuta mablag‘larining kelib tushishi ta’minlanganligi sababli yuqorida qayd etilgan Nizom asosida iqtisodiy sud tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanilmasdan, ariza talabini qanoatlantirish rad qilinib, tadbirkorlik sub’ektining huquq va qonuniy manfaatlari ustuvorligi ta’minlandi.
Agarda tadbirkor tomonidan import kontraktining ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmaganida arizada so‘ralgan 10 foizlik moliyaviy jarimadan tashqari, Nizomda belgilangan tegishli muddatlar o‘tganidan so‘ng 20 va 70 foizlik jarimalar qo‘llanilishi natijasida javobgar tadbirkor respublika byudjetiga jami 46 million 640 ming 160 so‘m miqdorida moliyaviy jarima to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin edi. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishni va zarur texnologiyalarni chet eldan olib kelishni maqsad qilgan tadbirkorning import kontrakti doirasida 4500 AQSH dollaridan tashqari 46 million 640 ming 160 so‘m miqdorida zarar ko‘rishiga olib kelardi.
Yakunda ishda javobgar sifatida ishtirok etgan tadbirkor moliyaviy jarima sifatida to‘lashdan ozod bo‘lib, ushbu summani o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash yoki shunga o‘xshash boshqa o‘z faoliyati uchun zarur maqsadlarda sarflash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu esa, amalga oshirilayotgan islohotlar sababli tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, ularni har tomonlama rag‘batlantirish choralarini ko‘rish imkonini bermoqda.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. O‘zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim”.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA