Odil sudlov: jinoyatga jazo muqarrar
Qullik jamiyatidan boshlangan odam savdosi bugungi kunga kelib ham eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Necha asrlardan buyon dolzarbligicha qolayotgan insonlar taqdirini izdan chiqaruvchi, qadr-qimmatini yerga uruvchi, hatto umriga zomin bo‘luvchi ushbu illat, ya’ni odam savdosi jinoyati qurbonlari yurtimizda ham tez-tez uchramoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasida aholini kambag‘allikdan chiqarish, ehtiyojmand, qiyin ahvolda qolgan hamyurtlarimizga ijtimoiy ko‘mak berish, aholi, yoshlar va ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatidan o‘rin olgan fuqarolarni ushbu platformadan chiqarish borasida Jizzax viloyatida ham amaliy ishlar qilinmoqda.
Biroq qanchalik imkoniyatlar yaratilmasin, o‘zga yurtga borib ishlashni istovchilar, qo‘lida biror bir kasb-hunari bo‘lmay turib xorijda yaxshi daromad topa olaman, deb o‘ylovchi xotin-qizlar ham bor.
Katta pul topish ilinjida ketib, ishlay olmay, qarzga botib qaytib kelganlar ham topiladi oramizda.
Hech qanday kasb-hunarga ega bo‘lmagan jizzaxlik Malika Hamidova (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi va geografik nomlar o‘zgartirildi) bilan aynan shunday holat ro‘y berdi.
U 2017 yilda ishlab katta miqdorda pul topib kelish maqsadida Turkiya davlatining Istanbul shahriga borib, farroshlik qilgan. O‘sha yerda hamshahri Barno ismli qiz bilan uchrashib qoladi va u orqali Turkiya davlati fuqarosi Leyla ismli ayol bilan tanishadi.
Leyla Turkiyada o‘zining shaxsiy fohishaxonasini tashkil qilib, yosh qizlarni fohishalik bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib bergan “tadbirkor” bo‘lib chiqadi.
Leyla Malikani bir necha marotaba qimmat restoranlarda mehmon qilib, fohishalik qilishini, bu yo‘l orqali katta pul topishga undaydi. Ammo Malikaning o‘zga yurtda ishi yurishmay turgani yetmaganidek, zudlik bilan uyiga qaytishiga to‘g‘ri keladi.
2018 yil may oyida Turkiya davlatidan O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelishidan oldin Leyladan 400 AQSH dollari miqdorida qarz oladi va uyga yetib borishi bilan pulni jo‘natib yuborishini aytadi.
O‘zbekistonga kelganidan so‘ng Leyla Malikaga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qilib, qarzini berishini talab qiladi. Malika Hamidova har gal unga turli xil bahonalarni aytib, qarzini qaytarish muddatini ortga suraveradi.
Joriy yilning mart oyi boshlarida Leyla Malikaga yana qo‘ng‘iroq qilib, qarzini so‘raydi, zudlik bilan qaytarmasa, Turkiyada tegishli organlarga ma’lumot yetib borishini aytib, qo‘rqitadi. Malika esa har doimgidek uncha puli yo‘qligi, puli bo‘lishi bilan albatta qarzini qaytarib berishini aytadi.
Leyla unga, “Puling bo‘lmasa, qarzingdan qutilishing uchun senga ajoyib imkoniyat beraman, undan ham foydalana olmasang, unda o‘zingdan xafa bo‘l”, deydi. Malika qanday shartligini so‘rab ham o‘tirmay rozi bo‘ladi.
Leyla Turkiyadagi “ishxonasi uchun” bir qiz jo‘natishini, shunda uni qarzidan voz kechib yuborishini aytadi. Avval qizning rasmi va pasportining nusxasini jo‘natishi, agar yuborgan surati ma’qul kelsa, o‘sha qiz nomiga elektron bilet yuborishini aytadi.
2021 yil mart oyi oxirlarida Malikaning baxtiga “xaloskor” dugonasi Barno bilan yana uchrashib qoladi va u Barnoga bor gapni aytib, undan yordam so‘raydi. U, Zahro ismli tanish qizi borligini, u ish qidirib yurganini, yaxshigina haq to‘lansa, xorijda ishlashga rozi bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Malika Zahro bilan uchrashgach, unda umuman bo‘lmagan “tadbirkorlik” xislatlari ishlab ketib, bu “ish” orqasidan nafaqat qarzidan qutilib qolishi, balki yaxshigina daromad qilib olish maqsadida Zahroga yo‘l xarajatlarini o‘zi to‘lab berishi, u yerda ishlagan birinchi oylik maoshidan bilet haqqini jo‘natishi, shundan so‘ng har bir qabul qilgan “mijozi” uchun olgan pulini teng ikkiga bo‘lishni, u yoqda nima bilan shug‘ullanganini esa hech kim bilmasligini va tez orada boyib ketishini, uy-joy qila olishini aytadi.
Zahro bu ish ortida odam savdosidek jirkanch jinoyat yotganligini anglab, Malika Hamidovaning jinoyatini fosh etishda IIB xodimlariga o‘z xohishi bilan yordam berishini ma’lum qiladi.
– Bu ish jinoyat ekanligini tushunib yetdim va holat bo‘yicha unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab Jizzax viloyat IIB boshlig‘i nomiga o‘z xohishim ariza yozdim – deydi Zahro. – Axir qanchadan qancha insonlar Malika opaga o‘xshaganlarning kirdikori tufayli odam savdosi qurbonlariga aylanayapti.
Zahro Malika Hamidova bilan telefon orqali suhbatlarining audioyozuvlari va telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi yozishmalarini huquq-tartibot idoralari xodimlariga taqdim qiladi.
Zahro xorijga chiqishga rozi ekanligini bildiradi va Malikaga o‘zining rasmi va fuqarolik pasport nusxasini telegram orqali yuboradi.
Malika Turkiya davlatidagi tanishi Leylaga Zahroning suratlari va pasport nusxasini jo‘natib, “Samarqand – Istanbul” yo‘nalishiga Zahro nomiga rasmiylashtirilgan elektron aviachiptani oladi.
Joriy yilning 7 aprel kuni ular Samarqand shahridagi aeroportga yetib boradi. Malikaning qarzlaridan qutilish va birovning ortidan boyib ketish maqsadida tuzgan rejasi shu yerda yakun topadi. Samarqand xalqaro aeroporti orqali Turkiya davlatiga Zahroni uchrib yuborayotgan vaqtda, huquqni muhfaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillarga asoslanib jinoyat ustida ko‘lga olinadi.
Sud Malika Hamidovani jinoyat sodir etganlikda aybli deb topdi.
Qonun barcha uchun barobar, jinoyat qilganlarga esa jazo muqarrar.
Rahmatilla Orziqulov,
Jizzax viloyat sudi raisi o‘rinbosari,
Alisher Haydarov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi sudyasi.