Odamni nima qutqaradi?
Sharq ila G‘arb Endi bir-biridan ayrilmas. Ikki dunyo oralig‘ida Kerak deyman o‘ylab qadam bosishimiz.
Ma’naviyat
Adabiyotshunos olim, tarjimon, adib Ibrohim G‘AFUROV bilan suhbat
– Azaldan Sharq falsafasi, ma’naviyati G‘arb mutafakkirlarining alohida e’tiborida, e’zozida bo‘lib kelgan. Deylik, Gyote “G‘arbu Sharq devoni”da shunday yozadi:
“O‘zgani tanigan, o‘ziga qarab,
Bu yerda ham bir yakunga kelmasa bo‘lmas.
Sharq ila G‘arb
Endi bir-biridan ayrilmas.
Ikki dunyo oralig‘ida
Kerak deyman o‘ylab qadam bosishimiz.
Ya’ni Sharqu G‘arb orasida
Yaxshi bo‘lmog‘i shart har bir ishimiz”.
Zamondoshimiz, braziliyalik adib K.Paulo esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Najot – Sharqdan” deydi. Sharq va G‘arb dunyo muvozanatini ushlab turgan ikki qutb. Siz adabiyotda, ma’naviyatda Sharqning G‘arbga ta’sirini qanday baholagan bo‘lardingiz?
– XVII asr avvalidan boshlab G‘arbda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy-maishiy hayotda kapitalizm tuzumi hukmron kuchga aylandi. XII-XV asrlar Yevropa Renessansi shu yerga kelib tugadi va kapital yetakchiligida Yangi davr deb ataladigan zamon va uning har narsaga qodir qonun-qoidalari, tamoyillari insoniyat jamiyatlarining barcha tomonlarini qamrab, o‘z iskanjasiga oldi. Iqtisodiyot, ilm-fan, texnika, san’at, shaharsozlik, yo‘lsozlik, kemasozlik, temir yo‘l, ixtirolar, kashfiyotlar mislsiz taraqqiyot yo‘liga kirdi. Bular bari asosan G‘arbiy Yevropada – Italiya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Angliya, Niderlandiya kabi mamlakatlarda keng miqyosda ro‘y berdi. G‘arbni erkinlik, demokratiya, inson erki, ratsionalizm, kapital g‘oyasiga asoslangan tafakkur tinimsiz, to‘xtovsiz larzaga solib turdi. G‘arb shu allambalo ijtimoiy, iqtisodiy larzalar ichida o‘sdi. Uning bu olamshumul silkinishlari aslo tor doirada – G‘arbiy Yevropa doirasida qolib ketolmas edi. Uning silkinishlari tuganmas zilzila kabi butun olamga, butun Sharqqa – Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Avstraliya, Indoneziyaga yoyildi, Amerikani ham o‘z plasdarmiga aylantirdi. Rossiyada imperiyachilik, ulug‘ davlatchilik g‘oyalarini ikki boshli shohboz burgut misoli parvozga otlantirdi. U kapitalizm g‘oyalari bilan tezkor qurollanib, shitob bilan Tinch okeanigacha chiqdi. Mana shu olamshumul jarayonda G‘arb dunyosi o‘zini tanidi, faqat o‘ziga tayanib, o‘z qobig‘ida biqinib, o‘ziga mahliyo bo‘lib rivojlanolmasligi, uzoqqa borolmasligini tushundi. G‘arb shunda Sharqqa ko‘z tikdi. Uch olamshumul din Sharqda yaratilgani va bu aslo bejiz emasligini qayta tubdan idrok etishga kirishildi. Forobiy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ibn Rushd, shuningdek, xitoy, hind, fors, arab, turk, Yaqin Sharq, O‘rta Sharq allomalari, faylasuflari, adiblari, shoirlari, astronomlari, muarrixlari, jug‘rofiyunlari asarlarida ko‘tarilgan ulug‘ g‘oyalar, ilg‘or qarashlar zamiridagi yadroviy kuchni yangidan kashf qildi va qadriga yetdi, o‘z tadrijiy taraqqiyotining mislsiz quroliga aylantirdi. G‘arb dunyoning nur tug‘iladigan Sharqiy qismida yaratilgan ilohiy Islom, Nasroniylik, Buddaviylik, Zardo‘shtiylik, Moniylikning juda kuchli amaliy ta’sirida rivojlandi, san’atlari, adabiyotlari, rang-barang falsafiy qarashlarini beqiyos boyitdi va bular hamon mislsiz taraqqiyot asosi bo‘lib kelmoqda.
Sharqda yaratilgan ta’limotlar, e’tiqodlar, qarashlar, borliq va inson g‘oyalari zamirida ADAB turadi. Bu Koinot, Borliq, Xudo, Tarix oldidagi ADAB. O‘z o‘rni, o‘z holi, o‘z ravish, o‘z qismatini bilish, to‘g‘ri belgilash. Mana shu ADAB universal kuch va hamma xalqlar, barcha zamonlar uchun universal qimmat va demak, tuganmas qudratga ega. Sharq G‘arbga hamma vaqt ADAB bilan ta’sir ko‘rsatadi. G‘arb dunyosiga ADAB bilan kirib boradi. Adabiyotlarning ta’siri ham ko‘proq shunda ko‘rinadi. Volter, Rable, Gyote, Shiller, Shekspir, Bayron, Milton, Svift, Dante, Dyu Belle, Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Nisshe, Dostoevskiy singari daholarni mastu volo – asiru mubtalo qilgan asil Sharq g‘oyasi ham mana shu edi.
– Bugun dunyoda Sharq adabiyotiga qiziqish kuchaygani kuzatiladi. Xususan, mavlono Jaloliddin Rumiyning bebaho asarlari dunyo tillarida qayta-qayta chop etilmoqda. Alisher Navoiy asarlariga ham qiziqish ortmoqda. Sizningcha, XXI asr o‘quvchisini Sharq adabiyotining qaysi jihatlari o‘ziga jalb etayapti?
– Sharq adabiyotida HAYoning mutlaq qimmatga egaligi va mutlaq qimmat deb qaralishi ohanrabo quvvatiga ega, o‘ziga ohanrabodek tortadi. Hayo – Adabning uzvi, uning yuragi. ADAB esa sarrishta. Ya’ni Xudoni tanigan, o‘zining yaralish manbalarini tushungan, bilgan insonning hayot, tiriklik o‘zagi.
G‘arb bilan Sharq o‘rtasida Hayo turadi. Hayo bu yomon ish qilishdan uyalish, tortinish, yomonlikka qarshi turishda qisinish emas. Hayo jamiki eng olijanob qonunlar, qoidalar, to‘ra-tuzuklar, konstitutsiyalar zamirida, asosida yotadigan, hamisha mavjud bo‘lgan g‘oya. Har qanday qonunning mag‘zi, mazmuni bu – Hayo. Qonunlarni buzish, ulardan chekinish, ularni qo‘g‘irchoq o‘yiniga aylantirishga urinish, tabiatning azal – hamma uchun birday qimmatga ega qonun-qoidalariga qarshi borish, qarshi ish qilish – hayosizlik, ya’ni odamzot azal tabiatiga qarshi qaysar buzg‘unchilikdir. Hayosizlik – doim qaysarlik, qaysar razolatdir. Sharq adabiyoti shunday g‘oyalarni ilgari surishda G‘arbga nisbatan ustuvorroqdir. Hayo va adab sarrishtasining qudrati bilan Navoiy, Rumiy, Jomiy, Yassaviy, Boqirg‘oniy, Nizomiy, Tolstoy, Dostoevskiy, Nisshe kabi adiblarni insoniyatning vijdoni, deb atash mumkin. Bular ADAB SULTONLARIDIR. Kelajak adabiyot dunyosi shularniki.
– Ayni paytda “Sharqning oltin davrlari ortda qoldi. U endi renessans, ya’ni uyg‘onish davrini boshidan kechirolmaydi. Kelajak g‘arbona ratsional fikrlashda”, deb hisoblaydiganlar ham bor. Siz bu tarzda mushohada yurituvchilarga nisbatan qay tarzda javob bergan bo‘lardingiz?
– Ratsional fikrlash, ya’ni hamma hollarda aql-idrok bilan ish yuritish – ratsionalizm asli o‘zi yomon narsa emas, balki hayot asosi. Olam qurilishining o‘zi ham jamuljam aql qudratiga tayanadi. Buni sharq, arab faylasuflari, Forobiy, Al-Kindiy AQLI KULL, ya’ni jamuljam aql deyishgan. Yurak, qalb – hissiyot makoni. Hissiyotlar mahshargohi. Hissiyotlar mahshargohga eltadi. Men o‘zimcha hissiyotlarni birinchi o‘ringa qo‘ymaslik, ularga sig‘inmaslik, ulardan sajda yaratmaslik kerak, deb o‘ylayman. Kelar Zamon, endigi vaqt Aql Zamoni, ratsional tafakkur zamoni. Insoniyat oldida bu zamonda shunchalar ko‘p muammolar yig‘ilib qoldiki, ularni faqat Aql qudratiga suyanib, aqlni o‘stirib hal etish mumkin. Agar o‘tmishda oltin davrlar bo‘lganu insoniyat ularni hozir boy bergan bo‘lsa, kelajakda Aql-idrok bilan boshqa oltin davrlarni yaratishi mumkin.
– Bugun dunyo ahlini o‘z girdobiga olishga urinayotgan “ommaviy madaniyat” haqidagi mulohazalaringiz...
– Dunyoda aholi soni tinimsiz ortib boryapti. Ularni “ommaviy madaniyat” bilan jalb etmay, boshqa yana nima bilan jalb etish mumkin. Adabiyotlar, san’atlar aqlli mashinalarda – kompyuterlarda yaratilyapti. Kompyuterlarda “ommaviy madaniyat” yaratilmay boshqa nima yaratilishi mumkin?
Dunyoni asli Navoiy va Tolstoyning so‘zi qutqarishi mumkin. Ammo ularni hozir nechta kitobxon o‘qiyapti? Insoniyatni zo‘ravonlik, fahsh, razolat filmlarini yog‘dirib buzayotgan odamnaviy qatlamlar bor. Ular hollivudlarda o‘tirishadi va zo‘ravonlik, fahshni targ‘ib qiluvchi asarlar yaratib, insoniyatga qarshi mislsiz jinoyatlar qilishadi. Insoniyat adab sarrishtasiga tayanib bularning maraz basharalarini fosh qilishi va xalqaro qonunlar qabul qilib, ularga qarshi “Iskandar devori”ni qurishi zarur.
– Ayrim xorijiy mutaxassislarning 2008 yili jahon miqyosida boshlangan iqtisodiy inqiroz mavzusiga bag‘ishlangan tadqiqotlarini kuzatarkansiz, tez-tez “Najot – Sharqdan!” degan iboraga ko‘zingiz tushdi. Bu mulohaza zamirida G‘arb egoizmiga nisbatan Sharq jamoaviyligining ustuvorligi e’tirof etilayotgandek. Ya’ni G‘arbdagi iste’molchilik kayfiyatining suiiste’molchiligi oxir-oqibat moliyaviy bo‘hronni keltirib chiqargandek. Sizning bu boradagi mulohazalaringiz...
– Aholi soni yer yuzida oshib borgani sayin insoniyat iste’molchilikda shoshib qolmoqda. Shoshib-pishib bor narsalarni tasarruf qilmoqda. Bu umumbaloga qarshi turish endi qiyin. Insoniyatning boshi bir kuni o‘tib bo‘lmas devorga taqalguncha shunday davom etadi. Buning oldini olishi mumkin, faqat Qanoat, Adab, Hayo... ustuvor bo‘lsa.
Men xuddi qanoatshunos Avloniyga o‘xshab fikrlayotganimni sezib turibman. Ammo bu uch ulug‘ g‘oya nahot eskirdi? Eskirdimi, so‘rang, har kishidan.
Menimcha, eskirgan emas. Iste’molchilik bir kun borib jonga tegadi. Buzg‘unchiliklar tamom me’daga uradi. Lekin ungacha bir zarurdan zarur shior yetilib turibdi. Barcha ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-ijodiy sa’y-harakatlarimizda real natijalarga erishaylik. Hech istisno qilmay: klassikaga qaytaylik!
Gulchehra MUROD ALIEVA suhbatlashdi.