Odamlar teatrni yaxshi ko‘radi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Madaniyat vazirligi tomonidan mamlakatimizda teatrlarga jamoatchilikni keng jalb etish muammolari va ularni bartaraf etishda zamonaviy axborot vositalaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Madaniyat vazirligi Teatr va sirk san’atini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Saida Dadamirzayeva va boshqalar pandemiya teatrlar faoliyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazganini ta’kidladi.
Mavjud murakkab vaziyatga qaramay, yurtimiz teatrlari koronavirus tahdidi kuchaygan davrda o‘z faoliyatini masofaviy, onlayn ish tartibiga o‘tkazdi. Murakkab vaziyatga qaramay, spektakllar onlayn tarzida ijtimoiy tarmoqlarda hamda oynai jahon orqali namoyish etildi. Shu bilan birga, ijodiy jamoalar virtual konferensiyalar, onlayn festivallarda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Tomoshabinlar bilan muloqotlar, mahorat saboqlari ham shu yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgani muxlislarning teatrdan doimiy bahramand bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘tgan yilning oktyabr oyidan yurtimiz teatr jamoalari o‘z faoliyatini tiklashga kirishdi. Ayni paytda ijodiy jamoalar o‘z ustida ishlashdan, izlanishdan to‘xtamasligi zarurligini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Prezidentimizning sohaga oid farmoni, Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha mamlakatimizdagi deyarli barcha teatrlarni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Anjumanda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimiz teatrlari faoliyatida ijobiy burilish yasaldi. Ijodiy jamoalarga homiy tashkilotlarning biriktirilishi, "Do‘stlar klubi" faoliyatining keng yo‘lga qo‘yilishi jamoalar uchun g‘oyat foydali bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, teatrlar repertuarini yanada boyitish, ular ishini ommalashtirishda davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishidan keng foydalanish, teatrlarni muxlislarga yanada yaqinlashtirish maqsadida ijodiy haftaliklar, "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Darhaqiqat, qanday muammo yuzaga kelmasin, xalqimiz baribir teatrni juda yaxshi ko‘radi. Teatr ibratxona, ma’rifat maskani ekanini jadid bobolarimiz bejiz qayta-qayta ta’kidlamagan. Anjumanda media soha vakillarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
N.Usmonova, O‘zA