ODAMLAR ORASIDA: qanday inson gul sotib oladi?
Poytaxtimizdagi "Qo‘yliq dehqon bozori"dagi sotuvchilardan oddiygina sellofan paketchadan issiqxona qurib, u yerda minglab gullarni yetishtirib sotayotgan Barno Yormuhammedova haqida eshitib qoldik.
Bozorning gullar sotiladigan hududida bo‘lib, tadbirkor ayolni suhbatga chorladik.
— Issiqxonangizda necha xil gullar bor?
— Bu yerda 40 xilga yaqin gullarim bor. Narxlari ham katta-kichikligi, parvarishlash holatiga qarab 5 ming so‘mdan boshlanib, yuqoriga qarab o‘saveradi.
— Xaridorlar eng ko‘p talab qiladigan gullar qaysi?
— Yurtimizda yetishtirilgan geranni ko‘proq so‘rashadi.
— Har bir inson qaysidir kasbni egallashida nimadir turtki bo‘ladi. Gulchilik sohasiga qiziqishingizga sabab nimada?
— Kelin bo‘lib tushgan xonadonimdagi qaynona-qaynotam gulchilik bilan shug‘ullanishadi. Men ham ulardan gul yetishtirish, parvarishlash sirlarini o‘rganib olib, tadbirkorlikni boshladim.

— Gullarda ham o‘ziga xos «xarakter» xususiyatlar bo‘lsa kerak?
— Albatta, ular ham insonlarga o‘xshab xarakterga ega. Hamma gulga har xil parvarish kerak. Ba’zi gullar ko‘p suv ichishni xohlasa, ba’zilari kam suvni xohlaydi. Ayrimlari yorug‘lik talab qilsa, ba’zi gullar yorug‘likni yoqtirmaydi. Ularning xohishiga qarab qishda lampochka qo‘yib, yorug‘likni yetarli qilsak, yozda soya sharoit yaratib beramiz.
Gullar qancha o‘rtacha haroratda bo‘lsa, shuncha gulini uzoq ushlab turadi, to‘kib yubormaydi. Ular asosan sotishga mo‘ljallangani uchun iloji boricha uzoq olib turishga harakat qilamiz. Gul turadigan xona harorati o‘rtacha 10 gradusdan 25 gradusgacha bo‘lishi kerak.
Yozda 35-45 gradus bo‘lib ketsa, gullarning sifati o‘zgaradi. Iloji boricha, soya joyga qo‘yish kerak bo‘ladi.
— Xaridorlaringiz ko‘proq kimlar?
— Erkaklar ko‘proq ayoli, onasi yoki yaqin qarindoshiga sovg‘a qilish uchun oladi.
– Eng o‘stirish qiyin bo‘lgan gul turlari qaysi?
— Xaridorlar ko‘pincha "siklomen degan gulni o‘stirishga qiynalyapman, qanday qilib parvarishlasam bo‘ladi", deyishadi. Buni yaxshi o‘stirish uchun tuvakka emas, asosan ostidagi tarelkasiga suv quyish kerak. Yozda issiqdan saqlash zarur. Bu salqin havoni yaxshi ko‘radigan gul. Kartoshkasi borligi uchun tepasidan suv quysangiz, qurib qoladi.
— Gullarni ko‘proq nimalar bilan oziqlantirish kerak?
— Kaliy, fosfart gullarga juda yaxshi ozuqa. Barglarini oddiy shampunni suvga aralashtirib, yumshoq mato bilan artaman.
— Hayotingizda muammolar yoki to‘siqlarga duch kelganingizda, kasbingiz qanchalik asqatadi?
— Shunday vaziyatlarda gullarim va xaridorlarimdan zavq olaman. Gulni faqatgina yaxshi kayfiyatda bo‘lgan odamgina sotib olishi mumkin. O‘zim tibbiyot sohasini tugatganman. Chiroyli narsalarni yaxshi ko‘rganim uchun gulchilikni tanlaganman. Odamlarni hamisha xursand bo‘lib yurganini ko‘rgim keladi.
<iframe width="1366" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/ZOrCXO6JrJg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova suhbatlashdi, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA