Odamiylik, samimiyatdan ildiz otgan mehr
Ayol – sirli xilqat. Ko‘zga ko‘rinmasdek vajga ko‘ngli sinadi.
Bir og‘iz iliq gapdan ko‘ngli osmon qadar yuksaladi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari ishtirokida xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi yurtimiz xotin-qizlarining ko‘nglini ko‘tarib, ularga dalda bo‘ldi, qalbida ishonch-umid uyg‘otdi.
Xotin-qizlarga oid muammolar hamisha dolzarb bo‘lgan. Ayni damda mamlakatimizda ularni hal etishga jiddiy ahamiyat qaratilayotgani ham rost. Biroq bu e’tibor ko‘pincha hayotda imkon qadar o‘z yo‘lini topgan, jilla qursa shunga intilayotgan ayollarga, asosan iste’dodli, iqtidorli qizlarga qaratilgan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tirishqoq, intiluvchan, o‘quvchilar tili bilan aytganda, "a’lochi" qizlar mudom qo‘llab-quvvatlanavergan. Hayot charxpalagida o‘zligini topishga qiynalgan, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, muammolar girdobida qolib ketgan ayol-qizlar bir chekkada o‘z muammosi bilan ovora, javobsiz savollar girdobida qolib ketavergan.
Muammolar aytilmagani bilan hal bo‘lib qolmas ekan. Chetdan kelib hech kim ularni biz uchun hal etib ham bermaydi. Muammolar to‘planib, madda bog‘lashini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Ishxonamizda g‘oyat intizomli, vazmin, vazifasiga imkon qadar puxta yondashadigan korrektor opa bo‘lardi. Turmush o‘rtog‘i ham o‘zidek oddiy xizmatchi, demakki, oilani quruq oylikka bo‘lsa-da, halol yo‘l bilan boqadigan odamlar edi. Opaning qizi tirishib-tirmashib tibbiyot oliy ta’lim dargohiga hujjat topshirib, to‘lov-shartnomaga ilingan, biroq kontrakt puli og‘irlik qilganidan o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lgandi...
Xizmat yuzasidan "Xalq qabullari" jarayonini yoritishga Yashnobod tumaniga borganimda, maktabda o‘qituvchilik yoki yetakchilik emas, farroshlik bo‘yicha ish topib, quvonchi osmonlarga sig‘may, entikkan juvonni ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketgandim.
Uch nafar farzandiga bir so‘m ham "bola puli" ololmasdan, "uylaringda televizor bormi, sovutkich bormi, xo‘jayining qayerda ishlaydi?" qabilidagi so‘rovlardan bezib, olishi kerak bo‘lgan nafaqadan voz kechib ketgan yosh onalar qancha? Ular mavjud muammolarga faqatgina mahalladagi mahmadana kotiba ayolni aybdor bilsalar, koshki edi...
Bir paytlari maqtanganimiz– kollejni tamomlagach yoshlar bir emas, bir necha kasbga ega bo‘ladi, deganimiz shamollarga uchdimi, bilmayman. Kollejni bitirgan qiz necha yildirki, ish qidiradi. Beg‘ubor qiz rahbarning ishga kirishdagi asosiy "parol" – mo‘may pulga sha’masini qaydan tushunsin... Yoki o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yaman, deb sarson bo‘lganlar qancha?
Bugun jamiyatdagi barcha kamchiliklar boricha aytilayapti. Davlatimiz rahbari xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid masalalar bandlik, uy-joy, tadbirkorlik, tibbiyot va yana ko‘plab sohalar bilan uzviy bog‘liqligini, mutasaddilarning beminnat ko‘magi bunda g‘oyat muhim ekanini, mavjud barcha muammolarni yechimi bilan ko‘rsatib berdi. Zero, Yurtboshimizning hududlarga safarlari chog‘ida asosan oddiy, hayot-ro‘zg‘or tashvishiga andarmon bo‘lib qolgan onaxonlar, mushfiq ayollar bilan ko‘proq hamsuhbat bo‘layotgani zamirida ham qancha hikmat, hayotni puxta bilish, tahlil eta olishdek muddaolar borligini teranroq anglayapmiz.
Ha, endi opa-singillar qog‘ozlardagi hisobotlar, balandparvoz gap-so‘zlar, tagi puch va’dalar, ko‘r-ko‘rona, dabdabali tadbirlarga emas, amaliy ishlarga, oddiygina mehr-e’tiborga ishonadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA