Odamiylik maqomini baland tutgan olim
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan atoqli adabiyotshunos olim, akademik Baxtiyor Nazarov xotira kechasi hamda olimning «Ijodning jon tomiri» kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, akademik Naim Karimov, atoqli adib Muhammad Ali, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, adabiyotshunos olim Bahodir Karimov va boshqalar ustoz ijodkorlarning xotirasini e’zozlash, ularning ilmiy-adabiy merosini targ‘ib etish bo‘yicha Yozuvchilar uyushmasida tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
– Baxtiyor Nazarov ilmiy-ijodiy faoliyat olib borgan olim sifatida mashhur edi, – dedi akademik Naim Karimov. – U G‘afur G‘ulom va boshqa ijodkorlar merosini tahlil qilishga kuchli e’tibor qaratdi. Yangi fikrlar, tesha tegmagan mavzular uning izlanishlarida ustuvor edi. Ayni paytda Baxtiyor Nazarov o‘zbek-amerika, o‘zbek-nemis, o‘zbek-turk adabiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishiga faol hissa qo‘shgan.
– Baxtiyor Nazarov chin ma’noda oqibatli inson edi, – dedi atoqli adib Muhammad Ali. – Zero, bugun oqibat tobora kamyob bo‘lib borayotgan fazilat bo‘lib qolgani taassuflidir. Har bir ijodkorning faoliyatini ziyraklik bilan kuzatish barobarida yozuvchiga ruh berish, qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratar edi.
– Baxtiyor Nazarov bag‘rikeng, shogirdlari nihoyatda ko‘p bo‘lgan ustoz edi, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Karimov. – Domlaning ijodi haqida ko‘p gapirish mumkin. Biz shunday bag‘rikeng ustozlar yonida hayot sabog‘ini o‘rgandik.
[gallery-8858]
Ustoz Baxtiyor Nazarovning «Ijodning jon tomiri» ilmiy monografiyasi shogirdlari tomonidan nashrga tayyorlandi. Unga XX asr o‘zbek adabiyotining yirik vakillari G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov kabi ijodkorlar hayoti, asarlariga doir tadqiqotlari, shuningdek, H.Yoqubov, M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, N.Karimov, L.Qayumov, K.Nurmuhammedov, E.Karimov kabi atoqli olimlar haqidagi adabiy portretlar, qardosh turkiy xalqlar adabiyotining mashhur namoyondalari Mahtumquli, Ajiniyoz, To‘lapbergan Qayipberganov, Muxtor Avezov kabi ijodkorlar haqidagi turkum maqolalari, o‘z davrida adabiyotga endi kirib kelgan ijodkorlarning she’riy va ilmiy monografiyalariga yozgan so‘zboshilari jamlangan.
«Ijodning teran tomiri» nomli kitob joriy yilda «Tafakkur tomchilari» nashriyotida 300 nusxada chop etilgan.
Baxtiyor Nazarovning «Olim madaniyati», «O‘zbek adabiy tanqidchiligi. G‘oyaviylik, metod va qahramon», «Bu sehrli dunyo», «Hayotiylik – bezavol mezon», «Hamza abadiyati», «G‘afur G‘ulom olami» kabi ilmiy monografiyalari chop etilgan.
Shuningdek, «O‘zbek adabiy tanqidi tarixi» , uch jildlik «Adabiy turlar va janrlar» kabi fundamental tadqiqotlarni yaratishda mualliflaridan biri sifatida ishtirok etgan. Shu bilan birga, 20 jildlik «Oybek. Mukammal asarlar to‘plami»ni tayyorlashga ham hissa qo‘shgan.
Xotira tadbirida akademik Baxtiyor Nazarovning ibratli fazilatlari minnatdorlik bilan yodga olindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA