Odam savdosi global muammo
Buxoroda “Odam savdosi ustidan jinoiy javobgarlikni kuchaytirishda huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining roli” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan "O‘zbekistonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining salohiyatini oshirish orqali odam savdosi uchun jinoiy javobgarlikka tortishni mustahkamlash" loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbir odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qayta yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish, adashganlarni himoya qilish va ularga yordam berish va ushbu holat yuzasidan jinoiy javobgarlikni kuchaytirishda huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektorlarining rolini kuchaytirgan holda odamlar ishonchini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Viloyatdan 2020 yilda 6 nafar kishi odam savdosi qurboniga aylangan. 2021 yil dastlabki uch oyida bu borada 3 ta jinoyat ishi ko‘rilgan.
– Odam savdosi eng global muammo – maxfiy biznesning eng foydali turlaridan biri bo‘lib, dunyodagi barcha mamlakatlarni qamrab olgan, – deydi Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi Buxoro viloyati bo‘limi boshlig‘i Lola Karimova. – BMTning ma’lumotiga ko‘ra, odam savdosi qurbonlari soni yiliga 4 million kishiga yetadi. Muammoning keng miqyosda tarqalganiga qarmasdan jamiyatning ushbu muammo haqidagi xabardorligi juda past darajada. Odamlarning ongida odam savdosi insoniyatning qadim o‘tmishda yoki uzoq mamlakatlar bilan bog‘liq, ya’ni jamiyat tomonidan “shu yerda va hozir” sodir etilayapti deb emas, balki kamdan-kam uchraydigan hodisa sifatida qabul qilinadi. Odam savdosiga qarshi kurashish, ogohlantirish, aybdorlarni ta’qib etish, jabrlanuvchilarga yordam berish davlat organlari, OAV, jamoatchilik tashkilotlari, faol yoshlarning birgalikdagi hamkorligiga bevosita bog‘liq.
Seminarda odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha milliy huquqiy-normativ hujjatlarning mazmun-mohiyati taqdimot shaklida tushuntirildi.
[gallery-2243]
Zarif Komilov, O‘zA