Ochiqlik va shaffoflik korrupsiyaga qarshi kurashishda eng muhim kafolat
Davlat organlari faoliyatida qarorlar, ma’lumotlar va jarayonlarning ochiq bo‘lishi jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi, aholining davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan majlisda Toshkent shahrida korrupsiyaning oldini olish borasida joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar, jumladan, korrupsiyaviy jinoyatlarning sohalar va tumanlar kesimidagi holati tahlil qilindi.

Jumladan, “E-qaror” tizimi orqali qabul qilingan qarorlarning ochiqligi, rasmiy veb-sayt va axborot resurslarini yuritish, ochiq ma’lumotlarni joylashtirish hamda jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent shahar hokimligining “Ochiqlik indeksi”dagi ko‘rsatkichlari, mavjud tizimli muammolar, axborotlarning o‘z vaqtida va to‘liq e’lon qilinishi hamda xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ochiqlik va shaffoflik korrupsiyaga qarshi kurashishning eng muhim institutsional kafolati ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini yanada kuchaytirish, hududlar va sohalar kesimida tahliliy monitoringni tizimli yo‘lga qo‘yish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
A.RUSTAMOV, O‘zA