Ochiqlik va shaffoflik eng muhim mezon
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan viloyat hokimligi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Mahalliy vakillik organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning o‘ziga xosligi” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashi kotibiyati mudirlari, mahalliy Kengashlardagi axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raislari, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi, viloyat, shahar va tuman hokimligi matbuot kotiblari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat hududiy boshqarmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat hududiy bo‘linmasi xodimlari ishtirok etdi.
Seminar O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 5 maydagi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni va Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar holatini yanada yaxshilashga qaratilgan tajribalarni ommalashtirish, mavzu yuzasidan muammo va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Viloyatda hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga oid ustuvor vazifalar, O‘zbekiston Respublikasida ochiqlikni ta’minlashning huquqiy asoslari, viloyatdagi mahalliy vakillik organlari faoliyati ochiqligining bugungi holati, “kengash.gov.uz” elektron tizimi faoliyatini kengaytirish, Korrupsiyaga qarshi kurashishda mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlashning ahamiyati hamda qonunchilikda huquqiy javobgarlikning belgilanishi, davlat organlarida ochiqligini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini olib borishda viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining o‘rni kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Takidlanganidek, so‘nggi yillarda mahalliy Kengashlar faoliyati sezilarli darajada faollashgan. Oliy hududiy vakillik organi sifatida Oliy Majlis Senati tomonidan ular faoliyatini samarali tashkil etish, ularga uslubiy jihatdan ko‘maklashish, deputatlarning amaliy ko‘nikma va malakalarini oshirish borasidagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Islohotlar natijasida mahalliy Kengashlar faoliyati nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham jonlandi.
[gallery-14263]
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash borasida bir qator ijobiy hamda samarali ish tajribalari amaliyotga joriy qilingani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Mahalliy Kengashlar vakolatlari va nazorat funksiyalarining kengayib borayotganligi bilan bir qatorda, ularning faoliyatida ayrim kamchilik borligi tanqid qilindi.
Seminar davomida o‘rtaga tashlangan masalalar qizg‘in muhokama qilindi. Mahalliy Kengash kotibiyati mudirlari hamda doimiy komissiya a’zolari, matbuot kotiblari mavzu yuzasidan so‘zga chiqib, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Soha mutaxassislari tomonidan mavzu muhokamasi davomida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqish, ijobiy ish tajribalarini keng ommalashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari