“Ochiq eshiklar” tadbirida ota-onalar ham ishtirok etdi
“Barkamol avlod” bolalar maktablarida yangi o‘quv yili boshlandi.
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida ham o‘quvchilar va ularning ota-onalari, ta’lim muassasasi xodimlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

– -Ayni vaqtda bu o‘quv dargohida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha 35 turdagi 54 ta to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Fazliddin Yorqulov. – Ushbu to‘garaklarda 1120 nafar bolalar qamrab olinib, ular o‘z iqtidor, qiziqishiga qarab, o‘zlari xohlagan to‘garak mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Davlatimiz rahbarining bir qator qaror va farmonlarida barkamol avlodning intellektual salohiyati, qobiliyatini namoyon qilishida “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini yanada rivojlantirish, to‘garaklar soni va sifatiga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida alohida uqtirib o‘tilgan. bugungi o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” ham bolalar iqtidorlarini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir davomida “Barkamol avlod” bolalar maktabi tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari so‘zga chiqdi. Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi uchun yaratilayotgan qulayliklar, davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan besh tashabbus imkoniyatlari to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Zarif Komilov, O‘zA