“Ochiq eshiklar kuni” targ‘ibot tadbiri
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani 4-sektor hududidagi “Darg‘ali” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Pedagogika kollejida maktabgacha ta’lim sohasida ta’lim olishni xohlagan maktab bitiruvchilarini jalb qilishga qaratilgan «Ochiq eshiklar kuni» targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, tarbiyaning negizi bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini zamon talablari darajasida tashkil etish, malakali kadrlar bilan ta’minlash yetuk, barkamol kelajak avlodni tarbiyalashda muhim omil hisoblanadi.
– Yuqori intellektga ega bo‘lgan maktabgacha ta’lim sohasi vakillarigina Uchinchi Renessansga asos soluvchi yoshlarni tarbiyalay oladi, – dedi tuman hokimi Xurshid Tohirov. – Ularni maktab uchun salohiyatli o‘quvchi etib tarbiyalaydi.
Tuman rahbari boshchiligidagi mutasaddilar Pedagogika kollejida tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlar olib bordi. O‘quv jarayoni bilan tanishishdi. Shuningdek, mazkur kollej negizida matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti ham mavjud bo‘lib, aynan bu yerda ta’lim olayotgan talabalar uchun amaliyot o‘chog‘i hisoblanadi. Maktabgacha ta’limdagi klaster tizimi ta’lim va tarbiya sifatini oshirish, uni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishning markaziga aylangan, yonma-yon joylashgan ushbu ikki ta’lim dargohlari orasida uzviy aloqa va doimiy integratsiya muhim omil hisoblanadi.
Uchrashuv davomida Pedagogika kolleji direktori Dilshod Bebutov matematikaga ixtisoslashtirilgan 31-DMTTning uzluksiz ta’lim loyihasini namoyish etdi. Loyihaga ko‘ra, MTTdagi kichik guruhlardagi 3-7 yoshli bolalarning dastlabki qiziqishlari va qobiliyatlari aniqlanadi va o‘rta guruhdan boshlab alohida guruhlar shakllantiriladi.
Matematikaga ixtisoslashgan guruhlar uchun elementar matematika va mental arifmetika bo‘yicha dastlabki bilim hamda tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha chuqurlashtirilgan variativ dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dastur asosida o‘rta, katta va maktabga tayyorlov guruhlarida mashg‘ulotlar olib boriladi. Chuqurlashtirilgan o‘rta, katta va maktabga tayyorlov guruhlarida dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun oliy va birinchi toifaga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli boshlang‘ich va matematika o‘qituvchilari jalb qilinadi. Pedagogika kolleji bazasida matematikaga ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich sinf guruhlari tashkil etiladi. Boshlang‘ich sinflarda tahsil olgan bolalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident maktablari va Qorako‘l xalqaro matematika maktabiga yo‘naltiriladi.
bugungi kunda mazkur ta’lim dargohida Qorako‘l va Olot tumanlaridan kelgan 640 nafar yoshlar 5 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. O‘quvchi va talabalarga qulaylik yaratish maqsadida 4 ta ta’lim shakli kunduzgi, kechki, sirtqi va dual yo‘nalishi bo‘yicha dars jarayonlari amalga oshirilmoqda. Tadbirda kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Jumayev ham qatnashdi.
[gallery-6644]
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA