Och boʻlsa ham orini sotmagan odamlar
Yoki nogironlar yashaydigan koʻp qavatli uydagi 84 oiladan kim xabar oladi?
Yoki nogironlar yashaydigan koʻp qavatli uydagi 84 oiladan kim xabar oladi?
Sinovli kunlar saxovat qadrini, sabrning qiymatini yana bir bor namoyon etdi. Ayni vaqtda noshukurlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish kabi illatlar ham oʻziga yarasha bahosini olmoqda.
Bu masalalar jamiyatimizda katta bir jarayonni, bugungi hayotimiz manzarasini koʻz oʻngimizda namoyon etayotir. Biroq, bu manzara ichra koʻzga koʻrinmay qolayotganlar, haqini tanisa-da, uni ajratib ololmayotganlar ham yoʻq emas.
Yanada aniqrogʻi, koʻp hollarda yordamga muhtoj boʻlib qolgan kishilarning ruhi choʻkib, yordam soʻrashga gohida jurʼati yetmaydi. Sabr-toqatli, andishali bunday kishilar qozoni qaynamasa ham buni birovga bildirgisi kelmaydi. Bular och boʻlsa ham orini hech qachon sotmaydigan oriyatli odamlardir.
Bunday odamlar hozir yoʻq, deysizmi? Afsuski, yanglishdingiz. Shunday odamlar bor, ular Toshkent shahri Sergeli tumani “Humo” mahallasida joylashgan koʻp qavatli 26-uyda istiqomat qiladi.
Asosan nogironlar yashaydigan bu uyda 84 oila istiqomat qiladi. Bu oilalarning har birida kamita bir nafardan nogiron bor.
Toʻgʻri, ularning koʻpchiligi nogironlik nafaqasini oladi. Ammo unchalik katta boʻlmagan bu mablagʻ ularning dori-darmonidan ortmaydi.
Karantin boshlanganidan beri bu uyda yashovchilarning koʻpchiligi qiyin ahvolga tushgan. Shu uyda istiqomat qiluvchilardan biri nogiron oʻgʻlini uyda qoldirib boʻlsa-da, rizq topish uchun kunlik ishlarni bajarar ekan. Karantin boshlangach esa uydan chiqmagani uchun roʻzgʻorida muammolar boshlangan. Hatto qozon qaynata olmay qolgan.
Koʻzlari koʻrmaydigan yana bir kishining holidan esa shundogʻam qiynalib yashaydigan qoʻni-qoʻshnilari xabar olib, baholi-qudrat ovqat berib turishadi.
Nogiron singlisi hamda nogiron bolasi bilan yashaydigan yana bir ayol ham qiyin ahvolda...
Koʻp qavatli uydagi bu kabi manzarani koʻrib, chiday olmagan, hatto oʻzi ham yordamga muhtoj boʻlgan Shohista Meliqoʻziyeva esa vaziyatni mahalla raisiga tushuntirgan.
- Karantin joriy etilganidan beri mahalladan bir marta yordam koʻrsatildi, — deydi Sh.Meliqoʻziyeva. — 84 oila istiqomat qiladigan uydagi faqat oʻnta xonadonga bir kilogrammdan goʻsht tarqatildi. Qiynalib yashayotganlar koʻpchilik, boshqalarga ham yordam kerakligini aytganimizda, mahalla idorasidagilar “homiylar mahsulot olib kelsa beramiz”, degan javobni berdi. Davlat tomonidan tashkil etilgan xayriya markazining 1197 raqamli telefoniga negadir hech tusha olmadik.
Ayolning gapidan keyin ushbu raqamga qoʻngʻiroq qilishni boshladim. Afsuski, oʻn martalab urinib koʻrsam ham “hozirgi vaqtda barcha operatorlar band”, degan soʻzlarni eshitishdan nariga oʻta olmadim. Hatto kutib turish uchun ham imkon berilmasligi, toʻgʻrisi, meni hayron qoldirdi...
Keyingi paytda xayriyalar, saxovat ishlari haqida koʻp gapirdik. Ammo yuqoridagi holat savobli ishlarning doim ham oʻz manzilini topa olmayotganini koʻrsatmoqda.
Qozoni qaynamayotgan odamning qoʻliga bir hovuch guruch, un va yogʻ berilsa ham koʻziga surtishi aniq. Ular baʼzi noshukurlarga oʻxshab “bu menga kam”, demaydi hatto. Boʻlmasa, nogiron bolasini oʻtqazib qoʻyib, videolar olish, diydiyo qilib hammaning eʼtiborini tortish ularning ham qoʻlidan kelardi. Bunga ularning or-nomusi yoʻl qoʻymaganki, shunday yoʻl tutmagan. Biz bu odamlar haqida tasodifan eshitmaganimizda buyogʻiga ham birov bilmasdi.
Mana shunday haqiqiy muhtojlar eʼtiboringizdan chetda qolmasin, himmati baland saxovatpeshalar!
Sergeli tumani “Humo” mahallasiga masʼul shaxslar, nogironlar yashaydigan shu uydan ham xabar oling, iltimos! Axir ularning roʻyxatini shakllantirib, xayriya markazidan yordam olib berish qoʻlingizdan keldi-ku!