Obodlik xalq kayfiyatini belgilaydi
Har yili yurtimizda Navro‘z bayramini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida hashar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan.
Hashar kunlari odamlar orasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar hamda aholi turar joylarini obod qilish va ko‘kalamzorlashtirish, hududlar sanitariya holatini yaxshilash ishlari umumxalq harakati darajasiga ko‘tariladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan “Navro‘z” umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 2021 yil 13 mart kuni mamlakatimizning barcha hududlarida “Obod va ko‘rkam mahallam” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish belgilangan edi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti tomonidan Yangihayot tumanidagi “Xumo” MFYda hashar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov va boshqalar hasharning qadriyat darajasiga ko‘tarilgani bejiz emasligi, yurtdoshlarimiz hasharni mehr-oqibat, ishonch hamda do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi vosita sifatida e’zozlab kelishini ta’kidladi.
Hasharda mahalla hududi chiqindilardan tozalanib, daraxtlarga shakl berildi. Ariqlar, irrigatsiya tizimlari tozalandi. Ko‘p qavatli uylar oldidagi bolalar maydonchalari tartibga keltirilib, ushbu xududning atrofiga 100 dan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
– Yangihayot tumanida olib borilgan keng ko‘lamdagi yangilanishlar barchamizni mamnun etib, kelajakka bo‘lgan ishonchimizni orttirayapti, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov. - Aytish joizki, obodlik xalq kayfiyatini belgilaydi. Ertangi kunga ishonchi baland xalq esa har qanday sohada yuqori natijalarga, muvaffaqiyatlarga erishadi. Yangilanish va yasharish faslida, ayniqsa tobora yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu hashar doirasida shahrimiz ko‘rkiga yanada ko‘rk qo‘shilib, aholi ruhiyatiga o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat baxsh etmoqda.
Mazkur hasharda Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Yangihayot tumani hokimligi vakillari, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA