"Obodlik va mehr-saxovat" mahalladan boshlanadi
Yurtimizda mahallalarni yanada obod va fayzli maskanga aylantirish, aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va daxldorlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Guliston tumanida ham "Obodlik va mehr-saxovat" oyligiga start berildi.
Tong sahardan tumanning Soyibobod mahallasida aholi, nuroniylar, yoshlar, davlat tashkilotlari hamda korxona va muassasalar jamoalari ishtirokida umumxalq obodonlashtirish hashari boshlandi. Ko‘chalar, yo‘laklar va ariq-zovurlar tozalandi, daraxtlarga agrotexnik ishlov berilib, ularning tanalari oqlandi. Ichki yo‘llarning ayrim qismlariga shag‘al yotqizilib, aholi uchun yanada qulay harakatlanish sharoitlari yaratildi.

Obodonlashtirish ishlarida Guliston tumani hokimi ham ishtirok etib, mahalla faollari va nuroniylar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi hamda mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Ta’kidlash joizki, "Obodlik va mehr-saxovat" oyligi doirasida tumanning 24 ta mahallasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kuchaytirish, sanitariya-tozalikni ta’minlash, ichki ko‘chalarni tartibga keltirish, ijtimoiy ob’ektlar atrofini obod qilish hamda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishga qaratilgan tadbirlar izchil amalga oshiriladi.


— Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish va odamlarni ezgu ishlar atrofida birlashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi barcha mahallada "Obodlik va mehr-saxovat" oyligiga start berildi. Bu jarayonda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar, davlat tashkilotlari va mehnat jamoalari faol ishtirok etmoqda. Obodlik faqat ko‘cha yoki hovlini tozalash emas, balki har bir insonda o‘z mahallasi taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirish, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini qaror toptirish demakdir. Shu bois oylik davomida barcha mahallalarda obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda mehr-saxovat tadbirlari ham tizimli ravishda tashkil etiladi, — dedi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Guliston tuman bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Xushmurodov.

Darhaqiqat, mahalladagi obodlik har bir xonadondan, har bir ko‘chadan va eng avvalo, fuqarolarning faolligi, hamjihatligi hamda daxldorlik hissidan boshlanadi. Shu ma’noda "Obodlik va mehr-saxovat" oyligi nafaqat hududlarni obod qilish, balki aholi o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni yanada yuksalishiga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri